Respublika maxsus komissiyasi COVID-19 aniqlangan bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslarning karantin muddatini ikki baravargacha qisqartirdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Xalqaro tajribadan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasining omicron shtammining yashirin davri qisqaligini inobatga olib, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin muddati 14 kundan 7 kungacha qisqartiriladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning martidan boshlangan koronavirus pandemiyasi davrida virusni yuqtirib olganlar bilan muloqot qilgan shaxslarni 14 kun mobaynida karantinda ushlab turish tartibi joriy qilingandi.

Avvalroq, maxsus komissiya qarori bilan 7 fevraldan OTM, kollej, litsey va maktablarda ta’lim an’anaviy shaklga o‘tkazilgani haqida yozgandik. Qolaversa, avia va temir yo‘l chiptalari uchun 50 foizlik chegirma saqlanib qolinishi haqida ma’lum qilindi.