«Gazeta.uz» o‘quvchisi tahririyatga murojaat qilib, koronavirusga qarshi vaksinaning homilaga ta’siri haqida ishonchli ma’lumot qidirayotganini ta’kidladi. Ayolning aytishicha, u ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangandan so‘ng homiladorligini bilib qolgan. Poliklinika shifokori ko‘rigida va skriningda uning homilasi yaxshi rivojlanayotgani aniqlangan. Lekin ayol ijtimoiy tarmoqlarda vaksinaning homila rivojlanishiga turli xil ta’siri bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlardan xavotirlanib, homiladorlikni oldirish yoki davom ettirish to‘g‘risida o‘ylanib qolganligini bildirdi.

«Gazeta.uz» xitoy-o‘zbek vaksinasini homiladorlikning dastlabki kunlarida olish qanchalik to‘g‘riligi, vaksinalar homilaga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash uchun mutaxassislarga murojaat qildi.

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining homilador ayollar va homilaga ta’siri o‘rganilganmi? Bu vaksinani homilador ayollarni emlashda qo‘llash mumkinmi?

Virusologiya ilmiy tadqiqot instituti xalqaro loyihasining bosh muvofiqlashtiruvchisi, oliy toifali shifokor-infeksionist Jaloliddin To‘ychiyev ZF-UZ-VAC2001 (xitoy-o‘zbek) vaksinasi yuqori texnologiya asosida ishlab chiqilgan rekombinant vaksina bo‘lib, o‘z tarkibida biron bir tirik virus yoki zararli komponentga ega emasligini ta’kidladi.

«Ushbu vaksina bilan homiladorlarni emlash uchun ko‘pmarkazli klinik tadqiqot o‘tkazilishi zarur. Bugungi kunda xitoy-o‘zbek vaksinasi homiladorlarga hozircha tavsiya qilinmaydi. Lekin, nazariy va amaliy jihatdan ushbu vaksinaning homilaga ta’siri yo‘q. Vaksina bo‘yicha klinik tadqiqotlar boshlanishidan oldin turli laboratoriya hayvonlarida klinikaga qadar tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruvlarda vaksinaning toksik yoki mutagenligi yo‘qligi va organizmga bezararligi to‘liq isbotlangan», — deydi u.

To‘ychiyevning ta’kidlashicha, vaksina sinovlarida ishtirok etgan ko‘ngillilarda keyinchalik homiladorlik aniqlangan holatlar ham bo‘lgan. Bunga qo‘shimcha, ommaviy emlangan ayollar orasida ham homiladorlik holatlari ko‘plab aniqlangan. «Shu vaqtgacha homilador onalarda va tug‘ilgan bolalarda vaksinaning biron bir salbiy ta’siri kuzatilmadi. Ushbu rekombinant vaksinaning inson genomiga hech kanday ta’siri yo‘q. Aksincha, emlangan ayollarda keyinchalik homiladorlik vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish ehtimoli keskin kamaygan va natijada sog‘lom farzand ko‘rish imkoniyati paydo bo‘lgan», — deydi shifokor.

Homiladorlikning dastlabki kunlari vaksina olish qanchalik to‘g‘ri va vaksina homilaning rivojlanishiga yomon ta’sir ko‘rsatmaydimi?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SES) Vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Diloram Tursunova murojaat etgan ayol emlanib to‘g‘ri qilganligini ta’kidladi. «Hozirda ayolga va farzandiga hech qanday xavf bo‘lishi mumkin emas. Umuman vaksinalar reproduktiv holatga hech kanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmaydi», dedi u.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining homilador va homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarni emlash bo‘yicha tavsiyalari qanday?

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) avvaldan boshlab homilador ayollarni ham zarurat bo‘lganda emlash mumkin, deb ta’kidlagan. Qanday zarur hollar bo‘lishi mumkin? Bu, agar homilador ayolning surunkali kasalliklari bo‘lsa, masalan, qandli diabet, gipertoniya va boshqa xronik kasalliklari bo‘lganda unga emlanishning afzalliklari to‘g‘risida ma’lumotlar berilishi kerak. Agar surunkali kasalligi bor homilador ayol vaksina bilan emlanmasa unda koronavirus og‘ir kechishi va ayrim hollarda o‘lim holatlariga ham olib kelishi mumkin. Mana shu holatlarni o‘ylagan holda albatta, pandemiya davrida homilador ayolga emlash tavsiya etiladi. O‘zbekistonda ham JSSTning tavsiyalariga amal qilinayabdi va ko‘rib chiqilmoqda», — deydi Diloram Tursunova.

JSST emlashdan oldin homiladorlikni aniqlash uchun tahlil qilish va emlanib bo‘lgach, homiladorlik haqida bilgach, uni to‘xtatish (tushirish) tavsiya etilmasligini ma’lum qilgan edi.

Yanvar oyi o‘rtasida Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) koronavirusga qarshi mRNK-vaksinalari homilador ayollarda nojo‘ya ta’sirlarga olib kelmasligini ta’kidladi.

Dunyoda homilador ayollar koronavirusga qarshi qanday vaksinalar bilan emlanmoqda?

Diloram Tursunovaning ta’kidlashicha, AQSh, Isroil, Buyuk Britaniya, Belgiya, Rossiya va Yevropaning boshqa davlatlarida hozirgi paytda homilador ayollar JSST tavsiyasiga binoan Pfizer va Moderna vaksinalari bilan emlanmoqda.

O‘zbekistonda ham homilador ayollar koronavirusga qarshi emlanmoqdami?

«Buning ustida ishlashmoqdamiz. Joylardagi poliklinikalardagi mutaxassislarga homiladorlikning dastlabki kuni va davomida ayollarga emlanish to‘g‘risida ma’lumot berish uchun JSSTning tavsiyalari tayyorlanmoqda», — deydi SES bo‘lim boshlig‘i.

Homilador ayollarni koronavirusga qarshi emlashning jahon tajribasi haqida

O‘tgan yilning oxirida amerikalik olimlar Obstetrics & Gynecology jurnalida homiladorlik davrida emlashning ayolni himoya qilishga ta’siri bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotlarining natijalarini e’lon qildi.

Kornell universiteti tadqiqotchilari COVID-19ga qarshi himoya vositasining uchinchi dozasi homiladorlikning uchinchi trimestr davrida solinishi koronavirus infeksiyasiga qarshi antitanachalarning ona qoni va kindik qonida eng ko‘p darajada bo‘lishini aniqladi. Bunda birinchi komponent qachon solingani muhim emas — homilador bo‘lmasdan oldin yoki homiladorlik paytida.

Tadqiqotda 1359 nafar ayol ishtirok etgan. Ular 1374 nafar bolani (shundan 15 juft egizak) dunyoga keltirdilar. Tug‘ilish vaqtida barcha bo‘lg‘usi onalarda PZR testlari manfiy bo‘lgan. Ular 2020 yil 16 dekabrdan 2021 yil 14 oktabrgacha bo‘lgan davrda vaksinaning uch dozasini olgan. Emlash homiladorlikning oltinchi va 41-haftalari orasida o‘tkazilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, homilador onalarni istalgan vaqtda emlash mumkin, chunki homiladorlik jiddiy kasallik xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, o‘tgan yil avgustida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ginekologiya bo‘yicha mutaxassisi Leyla Adamyanning ma’lum qilishicha, dunyoda qariyb 150 ming ayol homiladorligidan bexabar holda koronavirusga qarshi emlangan. Ularning farzandlari haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, emlash bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Shuningdek, antitanachalar yo‘ldosh orqali bolaga o‘tib, uni koronavirusdan himoya qilgan, deb yozadi Innovatsion rivojlanish vazirligining Vaksinauz Telegram kanali.

«Dunyoda homiladorligini bilmagan va emlangan ayollar 147 ming bolani dunyoga keltirgan. Emlash homiladorlikka, homilaga ta’sir qilmasligi aniq», — deydi Adamyan. Uning so‘zlariga ko‘ra, emlangan ayol hatto homiladorlik paytida koronavirus bilan kasallansa ham, uning tuzalishi qiyin bo‘lmaydi.

Oldinroq, «Gazeta.uz» homilador ayollar koronavirusga qarshi vaksina olish mumkinligi va koronavirusning homiladorlar uchun xavfi haqida maqola e’lon qilgan edi.