O‘zbekistonda 2022 yil bahor oylarida respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida jami 626,6 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arildi. Bu haqda AOKAda o‘tgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xo‘jayeva ma’lum qildi.

«2021 yil qish va 2022 yil bahor oylarida respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash maqsadida jami 626,6 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shundan 294 ming tonna kartoshka, 86,8 ming tonna piyoz, 163,6 ming tonna sabzi hamda 82,1 ming tonna guruch jamg‘arildi», — dedi Xo‘jayeva.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrining 12 ta asosiy dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarini tashkil etilib, viloyatlar tomonidan bozorlarga keltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi shart-sharoitlar — bepul rastalar, tarozi, saqlash omborxonalari yaratib berilgan.

Ushbu bozor yarmarkalari 2022 yil 1 mayga qadar davom ettirilib, 75,5 ming tonna mahsulot bozorlarga yetkazib berilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Respublika bo‘yicha asosan 12 turdagi mahsulotlarning 2022 yilda xududlar tomonidan yetkazib berilishi hisob kitob qilingan:

Un va un mahsulotlari 4097 ming tonna (ta’minlanishi 92,3%);

  • Guruch 485,7 ming tonna (134,6%);
  • Sabzavot 12,1 mln tonna (275%);
  • Cabzi 2,4 mln tonna (190%);
  • Kartoshka 4,2 mln tonna (161%);
  • Poliz 3,2 mln tonna (350%);
  • Meva 3,2 mln tonna (107%);
  • Uzum 1,7 mln tonna (176%);
  • O‘simlik yog‘i 375 ming tonna (78%);
  • Go‘sht (tirik vaznda) 1,5 mln tonna (95,6%);
  • Sut 12,4 mln tonna (83,6%);
  • Tuxum 8,4 mln dona (94,1%);
  • Baliq 517 ming tonna (105%) ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Respublika bo‘yicha 40 ta tuman kartoshka yetishtirishga, shundan, 23 tasi urug‘lik kartoshkaga ixtisoslashtirilgan. Xorijdan 47,2 ming tonna kartoshka olib kelish maqsadida 21,7 mln dollar (imtiyozli) moliyalashtirilgan. Shuningdek, kartoshkachilik yo‘nalishida 9 ta klasterlar tashkil etilib, ularga 3,6 ming gektar yer ajratilgan. Respublika bo‘yicha 5 ta In vitro laboratoriyalari tashkil etilgan.

O‘zbekistonda belgilangan tibbiy me’yorga (52,6 kg) muvofiq, aholining kartoshkaga 1 yillik ehtiyoji 1,9 mln tonnani tashkil etadi. JSST me’yori (96,7 kg) bo‘yicha aholi iste’moli qariyb ikki barobar ko‘p.