Asaka tuman hokimligi mas’ul xodimi yer maydoni ajratib berish evaziga pora olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

Holat bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Asaka tuman hokimligi Qishloq ho‘jalik bo‘limiga qarashli bo‘lgan G‘.Yoqubov massivi raisi N.S. ushbu massivda joylashgan «O.A.» fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonining 30 sotixini fuqaro A.ning nomiga «issiqxona» qurish hamda qishloq xo‘jaligi elektron xaritasini yaratib, keyinchalik kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishiga ishontirgan. Buning evaziga esa 15 000 AQSh dollari so‘raganligi aytilmoqda.

Shundan 8000 dollarni «Asaka dexqon bozori» MCHJ avtoturargohida o‘zining boshqaruvidagi «Gentra» rusumli avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deyiladi xabarda.

Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (ishonchni suiiste’mol qilish orqali o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish) va 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.