Bir oy muddatda Ohangaron tumanida 30 gektar maydonda chiqindilarni qayta ishlaydigan poligon tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 2 fevraldagi videoselektor yig‘ilishida ko‘rsatma berdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Mazkur loyiha qiymati 17 mln dollarga teng bo‘lib, u Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokida amalga oshiriladi.

Qolaversa, davlat rahbari yig‘ilishda yangi ko‘p qavatli uy-joylar loyihasida sanitar-gigiyenik talablar asosida zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurish talabi shaharsozlik normalariga kiritilishi zarurligi ta’kidladi.

Shuningdek, hududlar rahbarlariga resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1 mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rish topshirildi.

Mutasaddilarga poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlashga topshiriq berildi.

Umuman, kelgusi yildan poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga solish bo‘yicha aniq moliyaviy manbalarini ko‘rsatgan holda qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning iyun oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan Toshkentdagi maishiy chiqindilar tashlanadigan poligon 98 foizga to‘lganini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari o‘shanda «ushbu poligonni yopish va yangisini qurish kerakligini» aytgandi.

Ohangarondagi ushbu poligoning sanitar holati shu vaqtga qadar ekologlar tomonidan ham qoniqarsiz ekanligi qayd etilgan. Uning atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish va hududni obodonlashtirish chora-tadbirlari belgilanib kelardi.