1 fevral kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreyesus koronavirus ustidan g‘alaba qozonilgani yoki virusning tajovuzkorligi yumshaganiga umid qilib, karantin cheklovlarini yumshatishga hali erta ekanligi haqida bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, virus xavfi pasaygan emas va yer yuzining ko‘plab hududlarida o‘lim ko‘rsatkichlari tobora oshib bormoqda. So‘nggi 10 haftada yangi qayd etilgan COVID holatlari 2020 yilgi ko‘rsatkichlarni ortda qoldirgan.
JSST rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatlar nafaqat vaksina, balki arsenalidagi bor vositalarni ishga solgan holda o‘z aholisini koronavirusdan himoyalashi kerak.
«COVID-19`ning yanada ko‘proq tarqalishi ko‘proq o‘lim demakdir. Biz hech bir mamlakatni izolyatsiyaga qaytishga chaqirmayapmiz. Ammo biz jamiki davlatlarni nafaqat vaksina, balki arsenalidagi bor vositalardan foydalangan holda o‘z aholisini koronavirusdan himoyalashga chaqiramiz», — dedi Tedros Gebreyesus.
Yangi «omikron» shtammi katta tezlikda tarqalishda davom etayotgan bo‘lsa-da, shu haftada dunyoning ko‘plab mamlakatlari kasallanishning «pik» darajasi o‘tgani haqidagi bayonotlar bilan ichki cheklovlardan voz kechayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi.
Xususan, RIA Novosti xabariga ko‘ra, Britaniya, Meksika, Isroil davlatlari shunday yo‘l tutdi. Shuningdek, Daniya, Chexiya va Norvegiya ham cheklovlardan qisman voz kechdi.
Avvalroq, Zangiota shifoxonasi direktorining O‘zbekistonda yangi koronavirus holatlarining 85 foizi omikron shtammiga to‘g‘ri kelayotgani haqida intervyusini e’lon qilgandik. Shifokor «koronavirusning yengil formasida kasalxonaga yotishni tavsiya etmasligi, bunga sabab qilib esa „omikron“ shtammida insonda o‘pka zararlanishi kuzatilmasligini» ta’kidlagandi.