O‘zbekistonda OITS (SPID) bilan kasallangan fuqarolarning umumiy soni 45 ming nafarga yetdi, deb xabar berdi O‘zA.

Respublika bo‘yicha kasallikka chalinganlarning:

  • erkaklar — 55%;
  • ayollar — 45%;
  • 18 yoshga to‘lmagan bolalar — 14% tashkil etadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida ichki migratsiya hamda aholi sonining ko‘pligi hisobiga OITS bilan kasallanish ko‘rsatkichi yuqori.

Respublika OITSga qarshi kurashish markazi qoshidagi maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlarining so‘zlariga ko‘ra, OITS 3 ta yo‘l, jinsiy, parentral va vertikal yo‘llar orqali bir odamdan ikkinchi odamga yuqadi.

  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida tarqalishida jinsiy yo‘l bilan yuqishi istisno tariqasida olinadi. Chunki bolalar hali jinsiy hayotni boshlamaganliklari sababli asosan porintral va vertikal yo‘l orqali yuqadi.
  • Vertikal-homiladorlik vaqtida onada OITS bo‘lsa, tug‘ish jarayonida chaqalog‘iga yuqtirishi mumkin.
  • Parentral-turli xil tibbiy yoki notibbiy muolajalarni amalga oshirish vaqtida tozalanmagan kesuvchi yoki sanchuvchi jihozlar orqali kasallik bolalarga yuqishi mumkin.

Shuningdek, hozirda bu kasallik ko‘proq erkaklar orasida uchraydi. Bunga sabab so‘nggi yillarda erkaklarning xorijga ishlashga borib, u yerda noto‘g‘ri turmush tarziga berilishi, ya’ni jinsiy aloqa yo‘llari orqali OITSni yuqtirib olishi ko‘paygani ekanligi aytilgan.

«Ular vatanga, oilasiga qaytganlaridan so‘ng ayoliga yuqtirishadi. O‘zida OITS borligini bilmagan ayol farzandiga yuqtirish ehtimoli aniqlanmoqda», — dedi shifokor Farrux Hamroyev.

Shu bilan birga shifokor kasallikning ilk belgilari tana haroratining ko‘tarilishi bilan boshlanishini, agar o‘sha holatda OITS aniqlansa, unga qarshi kurashish oson bo‘lishini ta’kidladi.

«Aniqlangan holatdan keyin ham davolanmasa, dispanser nazoratida turmasa 5 yildan so‘ng o‘zining har xil oqibatlarini sezdira boshlaydi. Immunitet tushganidan so‘ng har xil kasalliklar — birdaniga ozib ketish, besabab ich ketish, tez-tez shamollash, o‘pka yallig‘lanishi, ya’ni pnevmoniya, sil kasalliklari, har xil gerpes toshmalar toshishi mumkin», — dedi shifokor Nafisa Rahimova.

Kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga yuqishi sabablari o‘rganilganda, «tibbiy va notibbiy muolajalar ham ahamiyatga egaligi, kesuvchi yoki sanchuvchi jihozlar ishlatilishi natijasida yuqish holatlari uchrashi» keltirilgan.

Go‘zallik salonlarida yoki stomatologlarda gigiyenaga amal qiladigani ham, qilmaydigani ham bor, — dedi Nafisa Rahimova. — Chunki spirt bilan artgan bilan bu infeksiyani o‘ldirib bo‘lmaydi. Xususan, go‘zallik salonlarida amalga oshiriladigan tatuaj, tatuirovka, persilga o‘xshagan notibbiy amaliyotlarida bemor odamga ishlatilgan kesuvchi jihoz stirillanmasdan boshqa odamga foydalanilsa, kasallik yuqishi uchun sharoit yaratib beradi.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, barcha nikohlanuvchi yoshlar majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilangan. Shu vaqtda nikohlanuvchi insonlarni bemorlar va sog‘lomlar guruhiga ajratib olish oson bo‘ladi.

«Lekin so‘nggi yillarda qonuniy nikohdan o‘tmasdan, shar’iy nikoh orqali, ikkinchi, uchinchi oila qurish holatlari ham uchrab turibdi. Misol uchun, beva ayol boshqa erkak bilan ikkinchi, ya’ni qo‘shxotinlik tarzida oila qurganida tibbiy ko‘rik natijalari bo‘lmaydi. Ularni ORVI statuslari noma’lum bo‘ladi. Natijada sog‘lom odamga bemordan jinsiy yo‘l bilan yuqish holatlari oshib boryapti. Bu ham OITSning tarqalishiga sabab bo‘layotgan omillardan», — dedi Farrux Hamroyev.

OITS aniqlangan har bir bemorga kasallik oqibatlari, uni boshqalarga yuqtirmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlari haqida tavsiya beriladi.

Ta’kidlanishicha, bunday bemorlar soqol, tirnoq oluvchi uskunalardan alohida foydalanishlari kerak. Oila a’zolari va boshqa shaxslar bundan foydalanishi mumkin emas. Lekin boshqa shaxslarga qasddan yuqtirish holatlari bo‘lsa, unga nisbatan javobsharlik belgilangan.

Ma’lumot uchun Jinoyat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, agar shaxs o‘zida OITS infeksiyasi borligini bila-turib o‘zga shaxsga kasallikni yuqtirsa yoki yuqtirish xavfi ostida qoldirsa, unga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan. Bu BHMning 59 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi, yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, Buxoroda ayol qariyb 40 kishiga OITS yuqtirgani uchun 6,5 yilga qamalgani haqida yozgandik.