7 fevraldan boshlab umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkaziladi. Bu borada Respublika maxsus komissiyasi tegishli qarori qabul qilindi, xabar berdi SSV.

Bunda, barcha ta’lim tashkilotlarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish va antiseptik vositalardan muntazam foydalanish talab etiladi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bunga koronavirusga kunlik chalinish holatlarining kamayib borayotgani sabab bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda kasallikning tarqalganlik darajasi 0,8 ni tashkil etmoqda, JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,0 gacha bo‘lsa vaziyat barqarorligini anglatadi.

«Shuningdek, statsionardan chiqarilayotganlar sonining statsionarga yotqizilayotganlar soniga nisbatan hamda karantindan chiqarilayotganlar sonining karantinga olinayotganlar soniga nisbatan ham ijobiy tomonga siljish kuzatilmoqda», — deyiladi xabarda.

Kasallikning yuqtirib olish manbai 35−43% holatda kasallangan oila a’zosi yoki qarindoshlari, 6−7% holatda bemor ko‘shnilari, 10−12% holatda jamoat joylaridagi muloqot va 4−5% holatda ish joyidagi muloqot ekani aniqlanmoqda.

Tahlillariga ko‘ra, bog‘cha yoshidagi (3−6 yosh) bolalar o‘rtasida kasallanish, uy qaramog‘idagi shu yoshdagi bolalarga nisbatan (3−3,5 marta) kam uchramoqda.