Foto: Ivan Zolotuxin
O‘zimni foydali his qilaman
Tog‘ instruktori Ivan Zolotuxin – hayot va ish haqida
O‘zimni foydali his qilaman
Tog‘ instruktori Ivan Zolotuxin – hayot va ish haqida
Hududlardagi aholi ko‘pincha farovon hayot izlab poytaxtga ko‘chib o‘tadi. Kogonlik Ivan Zolotuxin, tendensiyalardan farqli o‘laroq, tashlandiq Yangiobod shahri yaqinidagi tog‘larga ko‘chib o‘tdi. U “Gazeta.uz”ga tog‘ instruktorligi faoliyati, haqiqiy do‘stlik va yangi uyida orttirgan bebaho xotirjamlik haqida so‘zlab berdi. «Inson o‘zini foydali his qilishi, jamiyatga foyda keltirishi kerak, aks holda hayot bo‘shab qoladi», – deb hisoblaydi u.
Kogon
Odamlarimizning mentaliteti, aka-ukachiligi menga qanchalar yoqmasin, doim Kogondan ketishni istardim. Butunlay boshqa-boshqa millatga mansub insonlar yelkama-yelka, eshiklarga qulf urmay yashaydigan, yopiq darvozalarni qo‘shnilarga ishonchsizlik sifatida qabul qiladigan xalqning bunchalik jipsligini kamdan-kam joylardagina uchratish mumkin.

Bu g‘ayrioddiy hodisani tushuntirish qiyin va uni qo‘shnilar bir-birini tanimaydigan Toshkentga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Buni anglash uchun inson O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sgan bo‘lishi kerak. Toshkent esa O‘zbekiston emas. Viloyatlarda butun mamlakatni bilishadi, poytaxt aholisi esa faqat poytaxt va Chimyonni yaxshi bilishadi.

Bugungi kunda Kogon – 80 mingga yaqin aholiga ega shaharchadir. Men Kogonni juda yaxshi ko‘rardim, lekin uning menga yoqqan bor narsasi – o‘tmish aks-sadolaridan iborat. Mahalliy aholi katta shaharlarga ko‘chmoqda, mamlakatni tark etmoqda, Kogonga esa kambag‘al qishloqlardan oilalar ko‘chib kelmoqda. Na ish, na o‘yin-kulgi, na tadbirlar va na faollar bor.

O‘smirligimda hech narsam yo‘q edi. Men professional shug‘ullangan faqat breykdans va mashg‘ulotlar vaqtida momataloq bo‘lgan tanam bor edi. Ammo bu sport, afsuski, menda o‘xshamadi, chunki men yashab qolishim va pul topishim kerak edi.

14 yoshimdan beri ishlayman. Kompyuter klubida adminstratorlikdan boshladim, 15 yoshimda qurilishda mehnat qildim, taʼmirlash ishlari bilan shug‘ullandim, 17 yoshimda cho‘l ichkarisiga ketdim va Buxoro viloyatidagi Ayakagitma ko‘lida baliqchilik sanoatida ishladim. Bu, ehtimol, dunyodagi eng qiyin ish bo‘lsa kerak.

Fotosuratlarning tavsiflarini o‘qish uchun ularning ustiga bosishingiz mumkin.

Har doim tengdoshlarimdek yashashni xohlardim: 17 yoshda qizlar bilan sayr qilish va do‘stlar bilan o‘tirishni. Men esa aloqasiz, suv va gazsiz o‘tirardim. Elektr o‘rniga – moychiroq. Kunduzi o‘tin yig‘ish kerak. Cho‘milish – taqdirning sovg‘asi edi. Energiyadan to‘liq uzilgan joy. Hattoki dunyo yangiliklari haqida ham xuddi qadim zamonlardagidek – kelgan xabarchilardan bilib olardingiz. 19 yoshgacha shunday ishladim.

Oxirgi sakkiz yil davomida Kogonda fotolaboratoriyada ishladim. Bu mening komfort zonam edi, turg‘un, bo‘sh va bir xil hayot edi, men undan chiqib ketishni xohlardim, lekin turtki yetishmasdi.
реклама
реклама
Yaqin bir tanishim doim Yangiobod tog‘lari: 15 yil avval bu shahardan qanday qilib kvartira sotib olgani va har yozda ota-onasini u yerga taʼtilga jo‘natishi haqida gapirardi. Men uning hikoyalarini doim maroq bilan tinglardim va o‘zim ham o‘sha yerlarda yashayotgandek tasavvur qilardim. Tog‘lar doim meni o‘ziga tortgan, lekin ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘lmaganman.
Bu yerlar men uchun juda sokin
2016 yilda shu odam menga: «Ota-onam o‘sha yerda, Yangiobodga bor», dedi. Shunday qilib, men birinchi marta uning o‘g‘li va jiyani bilan toqqa otlandim. Juda charchagandim, yashash sharoitlari og‘ir edi. Biz u yerga 12 kunga bordik. Dastlabki uch kun trans holatida yurdim. Telefon aloqasi o‘shanda bu joylarda umuman yo‘q edi. SSSRga kelgandek tuyuldi menga: hamma joyda sovet shiorlari, “Univermag” va mashhur «Myaso. Moloko. Riba» yozuvli peshlavhalar. Shuningdek, kvartiraning bir tomonida deraza tuproq ostida, boshqa tomonida esa ikkinchi qavat balandligida joylashgan ushbu ajoyib arxitektura cho‘ldan kelgan odam uchun juda hayratlanarli edi.

Foto: mytashkent

Iyun oyi edi. Yaqinlardagi tizmaga chiqdim va ushbu panoramani ko‘rdim – tog‘larni faqat rasmlarda ko‘rgan odam edim. U yerda esa o‘t-o‘lanlar, turfa gullar, yashilliklar, bu iforlar. Men uchun sokin bo‘lgan bu yerlarda o‘tmish haqida o‘ylamasligimni tushunib yetdim. Uzoq vaqtlardan beri ilk bor o‘zimni xotirjam his qildim. Bu yerda yashashni xohlayman degan fikr miyamda tug‘ildi. Mayli, infratuzilma bo‘lmasin, yoshlar bo‘lmasin, umuman, odamlar kam bo‘lsin.

Shunday qilib, Yangiobod bo‘ylab o‘zim aylanishni boshladim, mahalliy aholi vakili, tog‘ sayyohi va alpinist Grigoriy Martyushev bilan tanishdim va u menga dengiz sathidan 3555 m balandlikdagi mahalliy Boboytog‘ cho‘qqisiga chiqishimni taklif qildi.

Men rozi bo‘ldim. Bir kunda deyarli chuqurlikda joylashgan Kogondan Yangiobodga yo‘l olish va 1000 metrdan ziyod balandlikni zabt etish – ajoyib qaror edi. Shaharda uch soatga yaqin uxladim va biz ko‘tarilishni boshladik. Taxminan 2500 m balandlikda menda tog‘ kasalligi boshlandi.
Inson sog‘lig‘iga qarab kasallik 1500 m balandlikda o‘zini namoyon qilishni boshlaydi. Kislorod yetishmasligidan bosh og‘rig‘i boshlanadi, agar biror chora ko‘rilmasa, yurakda og‘riq, vahima xurujlari, gallyutsinatsiyalar, agoniya, pnevmoniya va miya shishi qo‘shiladi, shundan keyin o‘lim sodir bo‘ladi. Bunday holatda balandlikni keskin tushirish kerak – bu inson hayotini saqlab qoladigan eng minimal chora.

Menda allaqachon gallyutsinatsiyalar boshlangandi, juda yomon bo‘ldi, yuragim portlaydi deb o‘yladim, lekin Grisha meni “Yangiobod” turbazasiga olib tushdi.

U doim qandaydir Kamil haqida gapirar, uni ajoyib chang‘ichi va sportchi derdi. Bu odam kim ekan-a deb o‘ylardim. Kamil To‘xtayev – turbaza xo‘jayini Ali To‘xtayevning o‘g‘li. Biz u bilan ilk kunlardanoq do‘st bo‘lib qolgandik. Kogonga qaytish reysimgacha besh kun qolgan va bu vaqtni tog‘da o‘tkazishni rejalashtirgandim. O‘z poyezdimni qayerdadir kutishim kerak edi. Kamil: «Turbazada qol», — dedi.
Ivan Zolotuxin Kamil To‘xtayev bilan
Avgust edi. Turbazada chang‘ichi bolalarning yig‘inlari bo‘lib o‘tdi. Ular juda xursand edilar. Men hech qachon dam olish oromgohlarida bo‘lmaganman va bolalarning birgalikda vaqtni qanday o‘tkazishlarini ko‘rdim: ular navbatchilik qilishadi, mashq qilishardi, tozalashardi, kulishardi. Men bu yerga singib ketdim.

O‘shanda men nima istayotganimni bilmasdim, hech qayoqqa intilmasdim. Men qashshoqlikda o‘sganman, shuning uchun 25 yoshimda o‘zimga Yevropada yashashga va ajoyib mashina haydashga vaʼda berganman. Bir kuni kechqurun Ali To‘xtayev bilan dildan suhbatlashdik va men hech narsa yo‘qotilmaganini, barchasi o‘z qo‘limda ekanligini tushundim. O‘zimizning yurtimizda ham muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Kogonga allaqachon sotib olgan chiptam bilan poyezdda keldim. Keyin Yangi yilni nishonlash uchun turbazaga qaytib keldim. Tonggacha rok-n-roll raqsiga tushdik va o‘ynab-kuldik.

2018 yilning bahorida fotolaboratoriyamiz yopildi. Pulsiz va ishsiz qolgan vaqtlarim edi, lekin bu haqda hech kimga aytmadim. Kamil mening ahvolimni kimdandir bilib olibdi va jim yurganligimdan hayratda qoldi. U menga o‘z yordamini taklif qilgan yagona inson bo‘ldi va: «Chamadoningni yig‘ishtirib, oldimizga ko‘chib kel. Ishlaymiz va tog‘ turizmini rivojlantiramiz», – dedi. O‘ylab ham o‘tirmadim.
Dengiz sathidan 1500 metr balandlikda
Odamlarni tog‘larga olib chiqishni boshladim va turbaza jamoasi bilan birgalikda tabiatni asrashga kirishdim. Ishimizni Vatanimizga bo‘lgan muhabbatning bir ko‘rinishi, deb bilaman. Biz u uchun ko‘p ishlar qilamiz, garchi bu sezilmasa ham.

Daraning taxminan 7 km uzunlikdagi qismi to‘liq turbaza himoyasi ostida joylashgan. Biz tog‘larni himoya qilamiz va zarurat tug‘ilganida tog‘ sayyohlarini qutqaramiz. Buning uchun bizga pul ham, orden va medallar ham berilmaydi. Bizning jamoamiz bu hududni cho‘ponlardan ham himoya qiladi – bu mamlakatning asosiy muammolaridan, menimcha. Chorva yo‘lidan chiqqan hamma narsani payhon qiladi. Chorvachilik allaqachon Chimyonga o‘chmas taʼsir ko‘rsatgan. Bu nafaqat cho‘llanishga, balki sel oqimlarining paydo bo‘lishiga ham olib keladi.

SanPiNlarga ko‘ra, ichimlik suvi manbalari yaqinlarida chorva mollarini boqish taqiqlangan. Turbaza O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi inspektorlari bilan birgalikda cho‘ponlar tomonidan qonunchilikning buzilishiga qarshi kurashadi. Biroq biz tabiatni faqatgina chegaralarimiz doirasida qo‘riqlay olamiz. Biz qo‘riqlayotgan hudud chegaralaridan bir necha kilometr uzoqlikda soy bo‘ylarida cho‘ponlar qo‘ylarining junlarini qirishadi, hamma yoq iflos. Oqim bo‘ylab quyiroqda esa strategik obyekt – Yangiobod va Dukent aholisi suv ichadigan vodozabor joylashgan.
Boboytog‘ tepasidan Ohangaron suv ombori va Qurama tog‘ tizmasining ko‘rinishi, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasi
O‘tgan yili Kamil To‘xtayev va do‘stimiz Rauf Xalilov bilan birgalikda ishimizning o‘z yuzi bo‘lishi kerak, degan qarorga keldik va Red Stone klubini tashkil etdik. Uning nomiyoq gap tog‘ haqida ekanidan darak beradi. Yangiobod osmonida yulduzlarga qarab, klubimiz qanday bo‘lishini orzu qilganimizni eslayman. Biz nom haqida uzoq vaqt o‘yladik. “Stixiya”, “Arxar” (tog‘ qo‘yi) va “Sekach” (yovvoyi to‘ng‘iz) variantlarini ko‘rib chiqdik, lekin keyin internetda qidirib, MDHda har ikkinchi tog‘ klubi shunday deb atalishini bildik. Bu ishni tashlab qo‘ydik va keyinroq bu nom o‘z-o‘zidan yo‘limizdan chiqdi.
реклама
реклама
O‘zim har kuni yuradigan so‘qmoq bo‘ylab bir guruhga rahbarlik qilar ekanman, qoyalarga nazar tashladim. Bu Qizildara tog‘i edi – tog‘dan chuchuk suv oqqani uchun u qizil tusda. Axir biz qizil tog‘lar orasida yashaymizku, degan fikr yarq etib xayolimga keldi. Bu qoyalarning uchlari turbazadagi asbob-uskunalar ijaraga beriladigan xona oynasidan ko‘rinib turadi. Uning ko‘rinishini klubimiz logotipida tasvirladim.

Red Stone maqsadi – tog‘ turizmini, jumladan, ekstremal sport turlarini rivojlantirish, bolalarda tog‘larga mehr, tabiatni muhofaza qilish va asrash tuyg‘ularini shakllantirish, ularni sport ruhida tarbiyalashdan iborat.
Odamlar: «Siz tog‘da qanday yashaysiz, u yerda pul ishlab topolmaysiz-ku?» – deb so‘rashadi. Lekin men turbazada yashayman, dengiz sathidan 1500 metr balandlikda, kuniga uch marta restoranda ovqatlanaman.

Mening kunim mavsumga va o‘zim tayyorgarlik ko‘rayotgan musobaqalarga qarab har xil o‘tadi. Musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rayotganimda rejimga rioya qilaman, kuniga ikki marta mashq qilaman va kamroq ishlayman.
Qishda men asbob-uskunalar ijarasini yuritaman, yozda odamlarni sayrga olib chiqamiz va 35 metr balandlikdan arqon bilan sakrash – roud jamping tashkillashtiramiz.

Bo‘sh vaqtlarda turbazada qurilish maydonchasidagilarga yordam beraman, chunki men unga o‘z uyimdek munosabatda bo‘laman. O‘tgan yozda bizda deyarli poxod bo‘lmadi, shuning uchun men sakrash joyida fotosuratchi sifatida ishladim.
Bu yil bahorda ulkan Red Stone Camp loyihasini ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz. Bu oxiri qayinzor bilan tugaydigan 14 km uzunlikdagi go‘zal va baʼzi joylari murakkab marshrut bo‘ladi. U joyga tor, baʼzi yerlari noqulay va xavfli so‘qmoq olib boradi. Ushbu poxodga guruhlarni olib chiqish uchun mazkur so‘qmoqni xavfsizroq qilish, daryo bo‘ylab bir nechta o‘tish joylarini qurish kerak.

Rauf bilan allaqachon so‘qmoqda qazish ishlarini boshlab yubordik. Sovuq tugashi bilan yana ishga kirishamiz. Ikki yoki uch oylik uzluksiz ish. Turbazadan uzoqlashmaguncha tunash uchun qaytib kelamiz. Ammo keyinchalik chodirlar, oziq-ovqat va og‘ir asboblar bilan bir necha kecha-kunduz tog‘larga chiqib ketishga to‘g‘ri keladi.

Ushbu poxodlar ishtirokchilariga jihozlar beriladi. Qayinzordan qora toshlar va sharsharalar bo‘lgan go‘zal joylarga borishimiz mumkin.

Shuningdek, turbazadan bir necha kilometr uzoqlikdagi archazorda moʻjaz oromgoh quramiz. Biz allaqachon u yerga ayvonchalar, xodalardan o‘rindiqlar va katta stol o‘rnatdik, bir nechta o‘choqlar qurdik. Ammo tog‘ sayyohlari bularning barchasini o‘tin uchun chopib tashlashibdi, archalarni ham unutishmabdi, chiqindilar tashlab ketishibdi. Bular – odamlarimizning tabiatga va inson mehnatiga munosabatining yorqin misolidir.

Bu loyihalarning barchasini ishga tushirish va via ferrata (uni yengib o‘tishga yordam beradigan metall konstruksiyalar bilan jihozlangan qoyali hudud – tahr.) qurish uchun asbob-uskunalar va jihozlar sotib olishimiz kerak. Chodirlar, uyqu qopchalari, tog‘larda ishlash uchun asboblar, karabinalar va arqonlar – bularning barchasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya yoki Qirg‘izistondan buyurtma qilish kerak. Toshkentda hamma narsani juda qimmat narxlarda sotib olish mumkin. Bojxona to‘lovlari bunchalik shafqatsiz bo‘lmaganida, ancha oson bo‘lardi.
Yangiobod tog‘lari toshkentliklar orasida unchalik mashhur emas. Ko‘pchilik uchun shahardan 120 km masofa – uzoq yo‘l. Ha Chimyon, SSSR davridan beri dam olish joyi bo‘lgan, Yangiobod esa umuman yopiq shahar edi. Ittifoq parchalanganidan keyin yo‘llar asta-sekin yaroqsiz holga keldi. Yaqinda Angrendan Yangiobodgacha bo‘lgan yo‘l yangilandi va endi mashinangizni ayashga hojat yo‘q.

Ommabop bo‘lmagani uchun ham bu joylarda infratuzilmalar mavjud emas, shaharda hatto dorixona ham yo‘q. Hammasini Angrendan olib kelish kerak. Uyali aloqa vaqti-vaqti bilan ishlaydi, shunda ham barcha operatorlarda emas.
реклама
реклама
Yangiobod tog‘larining ommabop emasligini yo‘qqa chiqarib, ular haqida so‘zlab berishga harakat qilyapmiz. Darhaqiqat, men dekabr oyida Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida bo‘lib o‘tgan birinchi fotoko‘rgazmamni aynan shu mavzuga bag‘ishladim. Unda nafaqat o‘z ishlarimni, balki O‘zbekiston tabiatini ham ko‘rsatishni xohladim. Suratlarning yarmi esa Yangiobodda olingandi.
Ehtimol, bu joy ommalashsa, qandaydir infratuzilmalar paydo bo‘lsa, Chimyondagi kabi tabiat tanazzulga yuz tutishi mumkin. Ammo biz tabiat tanazzulining oldini olishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Biz tomonlarga sayyohlar kam keladi, lekin shunda ham chiqindilar bor. Aylanib, terib yuramiz. Balki kelajakda ifloslanishni nazorat qilish uchun yana-da ko‘proq harakat qilishga to‘g‘ri kelar.

Tog‘larda quyosh botishini, quyosh chiqishini sog‘inaman. Biz darada yashaymiz, shuning uchun har kuni ertalab quyosh tog‘ ortidan chiqadi va kechqurun uning ortidan botadi. Baʼzan ufqning pushtirang nurlari turbaza osmoniga qadar yoyiladi va men shu payt Toshkentda quyosh botishi naqadar go‘zal ekanligini tasavvur qilaman.
O‘zbekiston Ivan Zolotuxin nigohida
Men hayotda hamma narsaga provokatsiyalar sharofati bilan erishdim. Chunki menga: «Seni qo‘lingdan kelmaydi» deb aytishardi. Men esa o‘zimga eng yaxshi do‘stdek ishondim: qila olaman.

Men har doim suratga olishni xohlaganman. Marhum amakim fotohavaskor edi, u “Zenit” bilan suratga tushirardi va fotosuratlarni o‘zi yuvardi. Mening fotosuratchilikka bo‘lgan mehrim shundan. Albatta, menda hatto “milnitsa” sotib olishga ham imkoniyat yo‘q edi. Eski “Nokia”da suratga tushirar, bular durdona suratlar, deb o‘ylardim va ular meni bo‘lajak tog‘ fotografi deb atashganida xijolat tortardim. Lekin bir kun kelib Vatanimiz markazida ko‘rgazmam ochilishini ham bilardim.

Ko‘rgazmam uchun mavzu sifatida tabiatni tanladim. Butun bolaligim Kogonda o‘tdi, yurtim qanday ko‘rinishga ega ekan, deb o‘ylardim. Va men tabiatni uni sevadigan odamlarga ko‘rsatishni xohladim. Qachondir ushbu fotosuratlarimni bolaligimda bo‘lgani singari bu kabi joylarga o‘zlari bora olmaydigan bolalar bilan baham ko‘rishni xohlayman.
Menga ishim yoqadi. Odamlarga tog‘larimiz va mamlakatimiz haqida so‘zlab berayotganimda, ona zaminimiz tabiatini asrayotganimda va tog‘ instruktori sifatida o‘z mahoratimni oshirayotganimda o‘zimni foydali his qilaman. Inson o‘zini foydali deb his qilishi kerak, jamiyatga foyda keltirishi lozim, aks holda hayot bo‘shab qoladi. Insoniylik ham – shaxsiyatini rivojlantirishning mazmuni ham shunda. Nazarimda, agarda har kuni o‘z mashg‘ulotlaringda rivojlanmas ekansan, ularga vaqt ajratishdan maʼno yo‘q.

Hozir turbazadagi ilk vaqtlarimdagidek o‘zimni xotirjam his qilolmayapman, biroq qalb xotirjamligi haqida orzu qilaman. Albatta, o‘z holatimni bir necha yil oldingisi bilan taqqoslasam, farq juda katta. Endi qandaydir aniq qarashlar va yo‘nalishlar mavjud. Ammo odam qayerda bo‘lmasin, xilma-xillik vaqt o‘tishi bilan bir halqaga aylanadi va odatiy holga keladi.

Men tog‘larda o‘z uyimni topdim, lekin hali ham Kaliforniyaga, undan ham yaxshirog‘i – okean, o‘rmonlar va qorli tog‘lari bor Gavayiga borishni orzu qilaman. Hozircha esa mening ikkita uyim borligini his qilman: Kogon – men kamdan-kam boradigan o‘tmishdagi uyim va turbaza – hozirgi.
Tog‘lar mukammal. Kimdir tog‘lar insonlarga orzularning ko‘rinishi qanday ekanini ko‘rsatish uchun yaratilgan, degandi. Men esa ularni ibodatxona deb atayman, chunki ularda qandaydir xotirjamlik, orzu, maqsad, odamlar va o‘z ishimni topdim.

Tog‘larda menga yoqmaydigan yagona narsa, bu – ular baʼzan umrni yeydi. Bunday bir ibodatxonaning bu qadar shafqatsiz ekanini tan olish unchalik ham yoqimli emas. Tasalli shundaki, faqatgina tog‘lar umrni yemaydi. Hayot hamma joyda umrni yeydi.
Shaxtyor va Boboytog‘ cho‘qqilari
Eng asosiysi – hayotning qadri hayotning o‘zida ekanligini unutmaslik va har o‘tgan kundan zavq olishda. Baxt, bu – dunyoga ikki ko‘zing bilan qarashing, nafas olishing, o‘z oyoqlaring bilan tog‘larga chiqishing. Toki tirik ekansan, millionlab imkoniyatlaring bor.
Matn: “Gazeta.uz”
Fotosuratlar muallifi Ivan Zolotuxin
Matnga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli.
“Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting