O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni «2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan yettita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan «Harakatlar strategiyasidan — taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida ishlab chiqilgan strategiyani amalga oshirishga doir Davlat dasturi tasdiqlandi. Uchinchi yo‘nalish milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan.

Iqtisodiyot

Kutilishicha, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot — 1,6 baravar oshadi. 2030 yilga borib esa aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4000 AQSh dollariga yetkazish hamda «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish uchun zamin yaratish rejalashtirilgan.

Yillik inflyatsiya darajasini 2023 yilgacha 5%gacha pasaytirish, shuningdek, davlat budjeti taqchilligini kamaytirish, uning hajmini 2023 yildan boshlab YAIMga nisbatan 3 foizdan ko‘p bo‘lmagan darajada ta’minlash rejalashtirilgan.

Har bir tuman budjetining kamida 5% «Fuqarolar budjeti» dasturi doirasida aholining takliflari asosida aniqlangan eng dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi. Tashqi qarz darajasi yiliga 4,5 mlrd dollardan oshmaydi.

YAIMda sanoat ulushini oshirib, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya sanoati, transport sohalaridagi 23 ta yirik korxonalar mustaqil ravishda ichki va tashqi moliya bozorlariga chiqishi, xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritish orqali investitsiya loyihalariga mablag‘ jalb etishi kerak.

Energiya resurslari va sanoat tarmoqlari

Bundan tashqari, energetika sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish doirasida elektr energiyasini yetkazib berishda monopoliyani bekor qilish, sohada bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Shuningdek, energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlarini ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda liberallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol standartlarini kiritish rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga neft-gaz mahsulotlari uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, mis sanoati klasterini tashkil etish orqali mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravar ko‘paytirish hamda 8 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarish kutilmoqda.

Tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8%dan 20%ga yetkazish va kimyo sanoatida 2 mlrd AQSh dollariga teng mahsulot ishlab chiqarishga erishish rejalashtirilgan.

Avtomobil sanoatida kooperatsiyani rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga, eksport hajmini 2 baravarga ko‘paytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Chirchiq shahrida Toshkentdagi qator zavodlarni ko‘chirgan holda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sanoat klasteri tashkil etiladi.

Kelgusi besh yilda qurilish materiallari va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 2 baravar, charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 3 baravar, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish 3 baravar, elektrotexnika sanoatida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish 2 baravar, eksport hajmi 3 baravar, mebel ishlab chiqarish hajmi 2,8 baravarga oshiriladi. Ichki bozorni mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash darajasini 80%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlari hajmini keskin oshirish, sohaga xususiy investorlar va ilg‘or xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat korxonalarini xususiylashtirish hisobiga 14 ta faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalarning bekor qilinishi kutilmoqda.

Dastur, shuningdek iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20%ga oshirishni nazarda tutadi.

2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini soatiga qo‘shimcha 30 mlrd kVtga oshirish va soatiga jami 100 mlrd kVtga yetkazish rejalashtirilgan.

2026 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 25%ga yetkazilishi evaziga yiliga qariyb 3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejab qolinadi.

O‘zbekiston energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan barqaror ishlashini ta’minlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqaradigan zararli gazlar hajmini bir birlik Yalpi ichki mahsulot hisobida 10%ga qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish asosiy «drayver» sifatida belgilanib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

2026 yil yakuniga qadar iqtisodiyotning real sektori, moliya va bank sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish darajasini 70%ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 baravarga, ularning eksportini esa 10 baravar oshirish va 500 million AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan.

Investitsiyalar


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz»

Kelgusi besh yilda 120 mlrd AQSh dollari miqdorida, jumladan 70 mlrd dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.

Davlat-xususiy sheriklik asosida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga 14 mlrd AQSh dollarga teng investitsiya jalb etilishi kutilmoqda.

Respublika hududlari va xorijiy mamlakatlar biznes vakillari o‘rtasida tashqi iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish nazarda tutilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatining XXR, Surxondaryo viloyatining RF, Jizzax viloyatining Hindiston biznes doiralari bilan investitsiya va tashqi savdo aloqalarini rivojlantirishi rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyatida «Investorlarga ko‘mak markazi», Navoiy viloyatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan «Biznesga ko‘maklashish markazi», Toshkent shahrida esa «Ilg‘or loyihalar va injiniring markazi» va har bir tumanda tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatadigan «Innovatsiya va texnologiya markazlari» tashkil etiladi.

Poytaxtda har yili «Toshkent xalqaro investitsiya forumi» o‘tkaziladi.

Besh yilda fond bozori aylanmasini 200 mln AQSh dollaridan 7 mlrd AQSh dollariga yetkazish, tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026 yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 60 foizgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Eksport

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz»

Eksport hajmlarini 2026 yilda 30 mlrd AQSh dollariga yetkazish (2021 yil yakunlari bo‘yicha — 16,6 mlrd dollar), xususiy sektorning eksportdagi ulushini esa 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Avtotransport vositalari eksportini 3 baravarga oshirish va 1 mlrd AQSh dollariga yetkazish, turizm, transport, axborot-kommnikatsiya va boshqa xizmatlar, jumladan, dasturiy ta’minotlar eksportini 1,7 baravar oshirib, ular hajmini 4,3 mlrd AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan.

Eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 baravar ko‘paytirish (hozir — 5,2 mlrd dollar, eksportning 44%i), eksportchi korxonalar sonini hozirgi 6 500 tadan 15 000 taga, eksport geografiyasini 115 tadan 150 taga yetkazish prognoz qilinmoqda.

Ochiq tanlov asosida 200 ta eksportchi kompaniyalar saralab olinadi va ularga mamlakatning yetakchi eksportyorlariga aylanishda har tomonlama ko‘mak beriladi.

Qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarda erkin savdo zonalari paydo bo‘ladi.

Xususiy sektorning YAIMdagi ulushini 80%ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan «Ochiq muloqoti» har yili o‘tkaziladi.

Hududlarda 200 ta yangi sanoat zonalarini tashkil etish, shuningdek, biznes- inkubatorlar tizimi va faktoring amaliyotini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

2026 yil borib tadbirkorlik subyektlariga soliq yuklamasini YAIMning 27,5%dan 25%i darajasiga kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Yerlar

Dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Tumanlar aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

Yangi va foydalanishdan chiqqan 464 ming gektar maydonni o‘zlashtirish va klasterlarga ochiq tanlov asosida ajratish rejalashtirilmoqda. 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirib, aholiga ochiq tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berish ko‘zda tutilgan.

Intensiv bog‘lar maydonini 3 baravar, issiqxonalarni 2 baravar ko‘paytirish, eksport salohiyatini yana 1 mlrd AQSh dollariga oshirish prognoz qilinmoqda.

Suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturi doirasida kamida 7 mlrd kub metr suvni iqtisod qilish, suv xo‘jaligi obyektlarida elektrenergiyasi iste’molini kamaytirish, ularni davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5−2 baravar ko‘paytirish kutilmoqda.

Viloyatlar va urbanizatsiya


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz»

14 ta hudud bo‘yicha tuman va shaharlar kesimida besh yillik hududiy dasturlar amalga oshiriladi. Hududlarni mutanosib rivojlantirish orqali hududiy iqtisodiyotni 1,4−1,6 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Samarqand va Namangan shaharlarini istiqbolda «millionlik shaharlar»ga aylantirish rejalashtirilmoqda. 450 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Andijon shahrining dastlabki bir nechta mavzelarini qurib, foydalanishga topshirish, Qashqadaryo viloyatining urbanizatsiya darajasini 50%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Shaharlardagi aholining turmush tarzi qulayligini baholovchi «Shaharlar qulayligi» indeksi joriy etilishi kutilmoqda.

To‘rtta hududda Toshkent shahrida barpo etilgan «INNO» innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparklari paydo bo‘ladi.

Aholini joylashtirishning bosh sxemasini ishlab chiqish, renovatsiya va uy-joylar dasturlari asosida shaharlarda eskirgan uylar o‘rniga 19 mln kvadrat metrdan ortiq zamonaviy uy-joylarni barpo etish, 275 mingdan ziyod oilaning yangi massivlarga ko‘chib o‘tishi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilmoqda.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida hududlarning «o‘sish nuqtalari»dan kelib chiqib, muhandislik- kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish davom ettiriladi.

Hududlarda qariyb 80 ming kilometr magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlari, 20 mingdan ortiq transformator punktlari hamda 200 dan ziyod podstansiyani qurish va yangilash rejalashtirilgan.

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 87%ga yetkazish (2020 yilda — 67,4%), 32 ta yirik shaharlar va 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimlarini yangilash rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahrida oqova suvini tozalash tizimi shahar hududidan tashqariga chiqarilib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi inshootlar barpo etiladi.

Turizm


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

Keyingi 5 yilda xizmat ko‘rsatish hajmi 3 baravarga oshishi, sohada jami 3,5 mln yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Savdo va yo‘lbo‘yi xizmatlarini rivojlantirish orqali 130 ta zamonaviy bozorlar va savdo komplekslari, shuningdek, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 65 ta yirik hamda 5000 ta kichik xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Servis sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini 3 baravarga qisqartirish kutilmoqda (hozir bu YAIMning 50%dan ortig‘ini tashkil qiladi).

Xizmatlar sohasining jozibadorligini oshirishda sohadagi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.

Mahalliy sayyohlar sonini 12 mln nafardan oshirish, xorijiy turistlar sonini 9 mlnga yetkazish, shuningdek, 2026 yilgacha turizm sohasida band bo‘lgan aholi sonini 2 baravar oshirib, 520 ming nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va «Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimida qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etiladi, 300 mln AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirilib, 25 ming ish o‘rinlari yaratiladi.

Samarqandni «Turizm darvozasi»ga aylantirish orqali kelgusi 5 yilda turizm xizmatlari hajmini kamida 10 baravarga oshirish rejalashtirilgan. 2022 yilda «Abadiy shahar» tarixiy majmuasini o‘z ichiga olgan Samarqand turizm markazi va zaruriy infratuzilma tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘istonda va Orol bo‘yida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha dasturni amalga oshirish, Navoiy viloyatida ziyorat va ekoturizmni rivojlantirish, Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida turizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshirish, shuningdek, Toshkent shahrida turizm infratuzilmasini yanada yaxshilash rejalashtirilgan.

Barcha transport turlarini uzviy bog‘lagan holda yagona transport tizimini rivojlantirish, yirik shaharlar o‘rtasida kunlik transport qatnovlari asosida manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyatini yaratish, shuningdek, Toshkent shahri va hududlarda jamoat transporti tizimini takomillashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.