O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiyaning «Gerofarm» biotexnologiya kompaniyasi 1 fevral kuni Moskvada insulin dori vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish loyihasini shakllantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni boshlash to‘g‘risida bitim imzoladilar, deb xabar berdi ITSV matbuot xizmati.

Hujjat O‘zbekiston ITSV, Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Gerofarm» kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini hayotga joriy etish bo‘yicha ishchi guruh tuzishni nazarda tutadi.

Tez orada tomonlar loyihani hayotga tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va muddatlarni o‘z ichiga olgan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib tasdiqlaydilar.

Loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad, qandli diabet bilan og‘riydigan bemorlar uchun bir qator muhim dori vositalarining ommabopligini sezilarli darajada oshirish hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining ushbu dorilar importiga qaramligini kamaytirish ekanligi ta’kidlangan.

Avval xabar berganimizdek, yanvar oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti «Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar 25 yoshgacha bo‘lgan davrda insulin analoglari hamda o‘zini-o‘zi nazorat qilish vositalari bilan, 25 yoshdan oshgan, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turiga chalingan bemorlar odam insulini bilan bepul ta’minlanishi belgilangan. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlarga shuningdek, desmopressin, o‘sish gormoni va metforminning ham bepul berilishi belgilangan.