Yevropa hududida ishsizlik darajasi rekord darajada pasaydi

Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, Yevrohudud mamlakatlarida mehnatga layoqatli aholining 11,48 mln nafari (7%) ishsizdir. Bu kuzatuvlar tarixidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Dekabr oyida Yevropa Ittifoqining 27 davlatida 13,6 mln — 6,4% fuqaro ishsiz edi.

«Yevropa hududida 2021 yilni — Ikkinchi Jahon urushidan keyingi eng yomon retsessiyadan keyingi yil — ishsizlik darajasi eng yaxshi ko‘rsatkich bilan yakunladi. Bu bizning inqirozga jamoaviy javobimiz muvaffaqiyatidan dalolatdir», — dedi Yevropa Ittifoqining iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissari Paolo Jentiloni.


AQShning tashqi qarzi 30 trln dollardan oshdi

AQSh G‘aznachiligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat davlat qarzi birinchi marta 30 trln dollardan oshdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Amerika nashrlari bilan suhbatlashgan moliyaviy ekspertlarga ko‘ra, bu Vashingtonda kutilganidan bir necha yil oldin sodir bo‘lgan.

«Bu federal hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun trln dollarlik sarmoya, jumladan, 5 trln dollar kengaytirilgan ishsizlik nafaqalari, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar natijasi bo‘ldi», — The New York Times.

Aksariyat iqtisodchilar rekord darajadagi davlat qarzi falokatdan darak bermasligini qayd etishdi, chunki birinchi navbatda AQSh iqtisodiyoti pandemiyaga qaramay o‘sib bormoqda va foiz stavkalari pastligicha qolmoqda.


Boris Jonson rus askari Ukraina hududiga qadam bosishi bilanoq sanksiyalar joriy qilishini ma’lum qildi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida G‘arb davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, unga qarshi zudlik bilan sanksiyalar joriy etishiga va’da berdi.

Shuningdek, u AQSh o‘z sanksiyalarini Yevropa va Buyuk Britaniya bilan bir vaqtda joriy etishiga umid bildirdi.

«Biz, shuningdek, boshqa davlatlar bilan birgalikda Rossiya askarining oyog‘i Ukraina chegarasini kesib o‘tib, Ukraina hududiga qadam qo‘yishga qaror qilgan daqiqada ishga tushadigan sanksiyalar va boshqa choralar to‘plamini tayyorlayapmiz», — dedi Jonson. Uning qayd etishicha, Yevropa bu masalada AQSh bilan birdamlikka umid qilmoqda.


Tojikiston Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natadi

Tojikiston tez orada Afg‘onistonga insonparvarlik yordami sifatida oziq-ovqat yetkazib beradi. Bu haqda respublika tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinga tayanib TASS xabar berdi.

«Tojikiston hukumati xalqaro tashkilotlar orqali afg‘on xalqiga oziq-ovqat yetkazib berish ko‘rinishida gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qildi», — dedi vazir. Uning aniqlik kiritishicha, ayni paytda respublikaning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan yordam shakllantirilmoqda va tez orada uni yetkazib berish boshlanadi.

Vazir ta’kidlaganidek, Tojikiston «shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan Afg‘onistonga gumanitar yuklarni yetkazib berish uchun tojik-afg‘on chegarasidagi oltita ko‘prikni o‘z ichiga olgan logistika infratuzilmasini taqdim etishga tayyor». Uning qo‘shimcha qilishicha, BMT hozirdanoq Tojikiston nazorat punkti orqali yordam yetkazmoqda. «Biz Tojikiston bilan chegaradosh hududlardagi afg‘on aholisiga ham tibbiy xizmat ko‘rsatamiz, Afg‘onistonga, xususan, shimoliy viloyatlar va Kobulga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettirmoqdamiz», — dedi vazir.


«Tolibon» ilk bor ayollarni boshqaruv lavozimiga tayinladi

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin birinchi marta ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayinladi. Bu haqda axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihullo Mujohid o‘zining Twitter'ida e’lon qildi.

«Muvaqqat Vazirlar Mahkamasi rahbarining buyrug‘i bilan doktor Malalay Rahim butun mamlakatdagi yagona akusherlik va ginekologiya muassasasi bo‘lgan [Kobuldagi] ixtisoslashtirilgan Malalay tug‘ruqxonasi direktori etib tayinlandi», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, doktor Aryan poytaxtning Shahror kvartalidagi ginekologiya klinikasiga direktor etib tayinlandi.


Armanistonda yangi prezident saylanadi

Armaniston prezidenti etib amaldagi yuqori texnologiyalar sanoati vaziri Vaagn Xachaturyan saylanadi, deb yozdi Kommersant’.

Xabarga ko‘ra, uning nomzodi tasdiqlanmasligining deyarli hech qanday imkoni yo‘q. Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident parlament a’zolari tomonidan saylanadi, Xachaturyan nomzodi esa hukmron «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan.

1 fevral kuni Armaniston parlamenti avvalroq mamlakat prezidenti lavozimini tark etgan Armen Sarkisyanning vakolatlarini rasman tugatdi. Bungacha Sarkisyan o‘z fikrini o‘zgartirish uchun rasmiy imkoniyatga ega edi, biroq u bundan foydalanmadi. Endilikda parlament spikeri va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning eng yaqin safdoshlaridan biri Alen Simonyan muvaqqat prezident bo‘lib turibdi. Simonyan hatto Xitoy rahbari Si Szinpinga telegramma jo‘natishga ham muvaffaq bo‘ldi. Xatda Xitoy davlat rahbarini mamlakat Yangi yili bilan tabrikladi.