«Odamlarimiz hatto hovlisi atrofini tozalashdan erinadigan bo‘lib qolgan». Mirziyoyev hududlardagi ekologik holat haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetganini ma’lum qildi. Davlat rahbari 2022 yilda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi. «Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi», — dedi u.

Ohangaronda 30 gektar maydonda maishiy chiqindi poligoni tashkil etiladi

Prezident videoselektorda Ohangaron tumanining 30 gektar maydonida 17 mln dollarlik maishiy chiqindi poligoni qurilishini ma’lum qildi. Qolaversa, u resursini o‘tab bo‘lgan 24 ta chiqindi poligonini ko‘mishni buyurdi. Bundan tashqari, poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga soluvchi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.

Muzaffar Komilov prezident maslahatchisi etib tayinlandi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimida ishlashda davom etadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U mazkur lavozimda prezidentga maslahatchi bo‘lib ketgan Muzaffar Komilovning o‘rnini egalladi.

O‘zbekistondan $1,6 mlnni noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘lgan 6 nafar qirg‘izistonlik ushlangani aytilmoqda

DXX tomonidan Namangan va Andijonda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida O‘zbekistondan 1,6 mln dollarni noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan 8 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularning 2 nafari o‘zbekistonlik, guruh yetakchisi va a’zolari deb gumon qilinayotgan 6 nafari esa qirg‘izistonlik ekanligi aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Asaka tumani hokimligi mas’ul xodimi $8 ming pora bilan qo‘lga tushdi

Asaka tuman hokimligi mas’ul xodimi issiqxona qurish uchun 30 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 15 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. U shundan 8 ming dollarni olayotgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Parkent tumani hokimligi arxeologiya yodgorligini tadbirkorga sotib yuborgani aniqlandi

2018 yilda Parkent tumani hokimligi «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yerni tadbirkorga xom g‘isht ishlab chiqarish uchun auksion orqali sotib yuborgan. 2020 yilda esa tadbirkor ushbu yerni boshqa bir jamiyatga sotib yuborgan. Xom g‘isht ishlab chiqarish uchun esa yodgorlik hududidan tuproq qazib olingan. Antikorrupsiya agentligi buning natijasida tadbirkor madaniy meros obyektiga 1,5 trln so‘mlik moddiy zarar yetkazganini aniqladi.

Qish va bahor oylari uchun qariyb 627 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilgan

O‘zbekistonda qish va bahor oylarida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun qariyb 627 ming tonnalik zaxira yaratilgan. Shundan 294 ming tonna kartoshka, 86,8 ming tonna piyoz, 163,6 ming tonna sabzi va 82,1 ming tonna guruch jamg‘arildi, deya ma’lum qildi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Antikorrupsiya agentligi qurilish sohasida jami 33,69 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlarni aniqladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yanvar oyida o‘tkazgan o‘rganishlarida yettita davlat tashkilotida jami 33,69 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunga zid harakatlar aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha davlat xaridlarini bekor qilish haqida buyurtmachilarga taqdimnomalar va Bosh prokuraturaga so‘rovnomalar kiritilgan.

«O‘zmetkombinat» omborini Golden House kompaniyasi 74 mlrd so‘mga xarid qildi

«O‘zmetkombinat» temir saqlash va yuklash ombori savdolarida Golden House Development kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Kompaniya ombor uchun 74 mlrd so‘m taklif qilgan. Omborning yangi egasi hududda maishiy xizmat, sport va ijtimoiy xizmatlar, ko‘ngilochar va dam olish markazlari, turar-joy majmualari tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

USAID O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash uchun 10 mln dollarlik dasturni ishga tushirdi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda yoshlar bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dasturni ishga tushirdi. budjeti 10 mln dollar bo‘lgan dastur xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari hamda Xalq ta’lim vazirligi tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.

Rossiyalik ishlab chiqaruvchi O‘zbekistonda insulin tayyorlashni mahalliylashtiradi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiyaning «Gerofarm» biotexnologiya kompaniyasi O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini ishga tushirish to‘g‘risida bitimni imzoladi.

Yaponiya hukumati Farg‘ona vodiysi qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga moslashuvi uchun qariyb 1 mln dollar ajratdi

BMT Taraqqiyot Dasturi Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga moslashuvi uchun agrometeorologik stansiyalar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshiradi. Yaponiya hukumati ushbu maqsadlarga qariyb 1 mln dollar ajratdi.

11 mlrd so‘mlik xarid cheklari uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilindi — DSQ

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari boshqalarga tegishli bo‘lgan 15,9 mingta xarid cheklarini Soliq ilovasida o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazgan. 11 mlrd so‘mlik ushbu cheklar bo‘yicha hisoblangan keshbek summasi bekor qilindi.

Soliq yuki pasaytirilishi, renovatsiya, investitsiyalar — Taraqqiyot strategiyasi: Iqtisodiyot

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni 2026 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqladi. Strategiya yo‘nalishlaridan biri soliq yukini YAIMga nisbatan 25%gacha kamaytirish, 120 mlrd dollar hajmidagi investitsiyalarni jalb etish, aholini ko‘chirishning umumiy sxemasini ishlab chiqish, eskirgan uy-joylar o‘rnida rekonstruksiya asosida zamonaviy massivlarni barpo etish va 275 ming oilani ko‘chirish, 2023 yilga qadar inflyatsiyani 5%gacha kamaytirish va boshqa ko‘plab maqsadlarni nazarda tutadi.

«Adolat» partiyasi TikTok tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qilmoqda

«Adolat» SDP O‘zbekistonda TikTok tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qildi. Partiya buni tarmoqdagi videolar orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlar ko‘payayotganligi bilan izohlagan.

Ikkilamchi bozordan uy sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish davom ettiriladi

2022 yilning birinchi choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 42 mln dollar miqdorida Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtiriladi. «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ o‘z faoliyatini tiklab, ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni davom ettiradi.

Qurilish uchun pudratchilarni aniqlash tender orqali amalga oshiriladi

Hukumat qarori bilan BHMning 6000 baravaridan (1 mlrd 620 mln so‘m) ortiq bo‘lgan qurilish ishlariga pudratchi tashkilotlarni aniqlash elektron tender orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, BHMning 200 000 baravarigacha (54 mlrd so‘m) bo‘lgan loyihalar uchun tanlovlarda esa faqat qurilish amalga oshiriladigan hududda ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlargina qatnasha oladi.

Uzbekistan Airways Express bagaj normasini 23 kg gacha oshirdi

1 fevraldan Uzbekistan Airways Express «to‘liq ekonom» formatidagi qatnovlarda bagaj normasini 15 kgdan 23 kg gacha oshirdi. Qo‘l yuki normasi va bagaj parametrlari o‘zgarishsiz qolgan.

O‘zbekistonda OITS bilan kasallanganlar soni 45 mingga yetgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda OITSni (SPID) yuqtirib olganlarning umumiy soni 45 mingni tashkil qildi, shundan 55 foizi erkaklar va 45 foizi ayollardan iborat. Kasallikka chalinganlarning 14 foizi esa 18 yoshga to‘lmagan bolalarga to‘g‘ri kelmoqda. Kasallanish ko‘rsatkichi eng yuqori hudud esa Toshkent shahri hisoblanadi. Shifokorlar OITS yuqishi ehtimoli yuqori holatlar va uni oldini olish choralari haqida ma’lumot berdi.

Hafta oxirlarida shamol tezligi 28 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda

O‘zgidromet 4−6 fevral kunlari O‘zbekistonning ba’zi joylarda shamol kuchayishi va chang-to‘zon kuzatilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda esa 25−28 m/s gacha bo‘lishi kutilmoqda. 6 fevral kuni respublikaning barcha hududlarida yomg‘ir yog‘adi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar

Vaksinalar homilaga hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmaydi — SES bo‘lim boshlig‘i

«Gazeta.uz»ga koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan homilador ayol murojaat qilib, vaksinaning homilaga ta’siri to‘g‘risida ishonchli ma’lumot so‘radi. Virusologiya instituti shifokori Jaloliddin To‘ychiyevning tahririyatga ma’lum qilishicha, shu vaqtgacha homilador ayollar va tug‘ilgan bolalarda vaksinaning salbiy ta’siri kuzatilmagan. SES vaksinalar bo‘limi boshlig‘i Diloram Tursunova esa JSST vaksina olganlik sababli homiladorlikni to‘xtatishni tavsiya etmasligini eslatdi.

«O‘zimni foydali his qilaman». Tog‘ instruktori Ivan Zolotuxin — hayot va ish haqida

Hududlardagi aholi ko‘pincha farovon hayot izlab poytaxtga ko‘chib o‘tadi. Kogonlik Ivan Zolotuxin, tendensiyalardan farqli o‘laroq, tashlandiq Yangiobod shahri yaqinidagi tog‘larga ko‘chib o‘tdi. U «Gazeta.uz»ga tog‘ instruktorligi faoliyati, haqiqiy do‘stlik va yangi uyida orttirgan bebaho xotirjamlik haqida so‘zlab berdi.

O‘qituvchilarning kambag‘allashib borishi va uning oqibatlari haqida

So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oyligiga nisbatan sekinroq o‘sgan, natijada ta’lim sohasi vakillari jamiyatning boshqa vakillariga nisbatan kambag‘allashgan. «Gazeta.uz» kolumnisti, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘qituvchilarning real daromadlari qanday kamayib borganligi va buning oqibatlari haqida.

«Juda qiyin bo‘lgan edi». Tog‘ chang‘ichisi Komiljon To‘xtayev — 2022 yilgi Olimpiada yo‘llanmasini olgani haqida

Tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Komiljon To‘xtayev Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan yagona o‘zbekistonlik sportchi hisoblanadi. «Gazeta.uz» undan chang‘ichilarning O‘zbekiston va xorijda qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani, g‘alaba qozonish imkoniyatlari va mamlakatda ushbu sport turini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar haqida so‘radi.

Deputatlar hokimlarning manfaatlar to‘qnashuviga sharoit yaratuvchi yana bir qonunni ma’qulladi

1 fevral kuni Qonunchilik palatasi deputatlari hokimlarning manfaatlar to‘qnashuviga sharoit yaratib beruvchi yana bir qonunni ma’qulladi. Gap yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibi haqida ketmoqda. Deputat Doniyor G‘aniyev hokim kompensatsiya ajratishni ko‘rib chiqish masalasini o‘ziga-o‘zi kiritishi va uni yana o‘zi hal qilishini tanqid qildi. Quyi palata spikeri esa hokimlarning xalq deputatlar kengashi raisi maqomi bekor qilinsagina, bu muammo bartaraf etilishini aytdi. «Ungacha shu, boshqa iloj yo‘q», — dedi Nurdinjon Ismoilov.