Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda ko‘pchilik o‘z turar joyi atrofini tozalashga erinadigan bo‘lib qolganini qayd etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

«Xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda „Birni kessang, o‘nni ek“ degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi. Nimaga bu masalada OAV orqali hamda mahallalarda bong urilmayapti? Qani mahalla faollari, nuroniylarimiz va jamoatchiligimiz?», — dedi davlat rahbari va bu holatda ko‘pchilik tomoshabin bo‘lib qolayotganini qo‘shimcha qildi.

Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda, deya qayd etdi davlat rahbari.

«Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmasak, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak. Bu nima degani? Bu — tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bog‘ yaratish degani», — dedi prezident.

Mirziyoyev eng muhim masala — aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirish zarurligini qayd etdi.

«Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda, „bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi“, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarimizni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu — hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir», — dedi prezident.

Yig‘ilishda dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib borayotgani, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasi yaxshilanishi natijasida o‘sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetgani aytildi.

Chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas, dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi Andijonda — 45 foiz, Buxoroda — 43 foiz, Navoiy va Namanganda — 36 foizni tashkil etib, ushbu hududlarda yaxshi natija ko‘rsatilmoqda. Aksincha, Qoraqalpog‘iston — 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryo — 20 foiz bilan qolgan hududlardan orqada.

Shuningdek, yig‘ilishda chiqindilarni olib chiqish qamrovi 90 foizga yetgan bo‘lsada (2017 yilda atigi 25 foiz edi), 781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal etilmagani tanqid qilindi.

Prezident 2022 yilda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga, xususiy sektor ulushini 50 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Ushbu maqsadda import qilinadigan maxsus texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yilga ozod etiladi. Saralash va qayta ishlash texnikasi xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi.

Chiqindini qayta ishlashga qodir klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi. Klasterlarni tashkil etish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi, ularga o‘z hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qo‘yiladi.

1 martga qadar 51 tuman va shaharda xususiy sherikchilik asosida jami 38 ta korxona tashkil etish bo‘yicha tanlovlar boshlanadi, yil yakuniga qadar ushbu hududlar uchun 500 ta maxsus transport xarid qilinadi. 1 oktabrga qadar ijtimoiy muassasalar va bozorlarga 8 mingta, kelgusi yil 1 mayga qadar 11 mingta konteyner o‘rnatiladi.