Soliq mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan 15 900 ta xarid cheki uchun hisoblangan 11 mlrd so‘mlik keshbek summasi bekor qilinadi, deya xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Prezident qaroriga muvofiq, 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini Soliq mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytarilmoqda.

1 yanvardan 1 fevralga qadar 32,7 mlndan ortiq (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan, 17,1 mlntaga yoki 191 foizga oshgan) xarid cheki onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali chop etilgan bo‘lib, shundan 1,48 mlndan ortig‘iga Soliq mobil ilovasi orqali 19,4 mlrd so‘mlik keshbek hisoblangan.

Ammo, hozirga qadar keshbek uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar tahlil qilinganda, ayrim texnik xizmat ko‘rsatish markazi (TXKM) xodimlari keshbekka ega bo‘lish maqsadida vazifalarini suiste’mol qilib o‘zgalar tomonidan amalga oshirilgan xarid uchun shakllangan cheklarni o‘z nomidan ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

Jumladan, 3 nafar TXKM xodimi tomonidan o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan 281 ta tadbirkorlik subyektining 11 mlrd so‘mlik 15,9 mingta xarid cheki ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Xususan, ushbu 3 nafar TXKM xodimlari quyidagi qiymatdagi cheklarning QR-kodlari orqali ilovadan ro‘yxatdan o‘tkazgan:

  • Q.N. tomonidan 178 ta tadbirkorning 7 524 ta 5,8 mlrd so‘mlik,
  • Q.A. tomonidan 80 ta tadbirkorning 5 206 ta 4,6 mlrd so‘mlik,
  • R.F. tomonidan 23 ta tadbirkorning 3 131 ta 0,6 mlrd so‘mlik.

Soliq mobil ilovasida yuqoridagi shaxslar tomonidan xaridni amalga oshirmasdan ro‘yxatga olingan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilinishi ma’lum qilindi.

Qo‘mita keshbek amaliyoti to‘g‘ri qo‘llanilishini doimiy nazorat qilib borishini ham eslatib o‘tgan.

Ma’lumot o‘rnida, soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan 20 foiz miqdorida mukofot to‘lanadi. Mukofot fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» e’lon qilgan xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbek olish bo‘yicha qo‘llanma e’lon qilgan edi. Unda shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida Soliq mobil ilovasi orqali qanday xabar berish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.