28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida uch yashar qizini ayiqlar voleriga tashlab yuborgan yosh ayol psixonevrologik dispanserda ro‘yxatga olingan, oilaviy bosimga uchragan va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgan. Bu haqda ayolning otasi Yo‘ldosh To‘laganov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, qizi bundan 7−8 yil avval turmushga chiqqan. Qaynota vafotidan keyin oilaning kelinga munosabati o‘zgargan.

«Qaynotasi olamdan o‘tganidan so‘ng turmushida muammolar paydo bo‘la boshladi… Qizim shamollab qolsayam qaynonasi, eri biznikiga jo‘natvoraverdi. Kelinni odam o‘rnida ko‘rib davolatish degan narsa yo‘q. Xo‘p, dedik, sabr qildik. O‘zimiz davolatib uyiga qaytarvoramiz. Ko‘p o‘tmay yana qaytib kelib uzoq vaqt qolib ketadigan bo‘ldi. Qudalarimiz Mevazordagi hovlisini sotishgach, Sergelidan kuyovimiz uchun yangi dom olishgan. Lekin uy kuyovning nomiga emas, onasining nomiga rasmiylashtirilgan. Yangi uyda ikki oycha yashashdi xolos. Keyin kuyov xotinini ko‘chaga quvib soldi», — deydi u Kun.uz nashriga bergan intervyusida.

Ota qizining turmush o‘rtog‘i Rossiyada ishlagani, u bilan har doim ham bog‘lanish imkoni bo‘lmaganini ma’lum qildi.

«Sergelidagi uyni beramiz, deyishdi, lekin qaynonasi unga kvartirantlarni qo‘yibdi. Uning yashashga joyi yo‘q hozir. Bolalarni propiskaga qo‘yishdi, unikini esa yo‘q. U bizda propiskada turadi», — deya qayd etdi u.

Yo‘ldosh To‘laganovning aytishicha, stress va ruhiy nosog‘lomlik tufayli qizi ilk bor taxminan bir yarim yil avval shifokorlarga murojaat qilgan va psixonevrologik dispanserda ro‘yxatga olingan. U har olti oyda bir marta mutaxassisga tashrif buyurishi kerak bo‘lgan.

«Oilasidagi kelishmovchiliklardan keyin qizim stressga tushib qolgani uchun uni davolatdik… Farzandlarim bilan hech qachon qo‘pol gaplashmaganman, faqat muloyimlik bilan gapirganman. Ular esa (erning oilasi — tahr.) doimo baqirar ekan — qaynonasi baqirgan, eri esa kaltaklagan, o‘kingan. U esa bunaqa narsaga o‘rganmagan», — dedi u.

Ayolning otasi turmush o‘rtog‘i uning pullarini olib qo‘ygani, hatto noutbugini sotib yuborganini ma’lum qildi.

Shuningdek, qizining oliy ma’lumotli ekani, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan, magistraturada boshqa yo‘nalishda tahsil olganini ma’lum qildi.

«Kelin bo‘lib tushgan paytda magistraturaga kontraktga o‘qishga kirib qoldi. Shartnoma pulini nima qilamiz, ada, deb mendan maslahat so‘raganda, sen endi o‘sha yoqning odamisan, qaynotangga aytgin. Ular istashsa seni o‘qitishadi. Bo‘lmasa o‘qishingni yig‘ishtirasan, ular nima desa shu bo‘ladi, deb aytgandim. O‘qishga kirganini qaynotasiga aytgan ekan, u menga qo‘ng‘iroq qildi, kelinimni o‘zim o‘qitaman, bolalarimning hech biri o‘qimadi, katta kelinlarim ham o‘qimagan, ayolim ham oliy ma’lumotli emas, shu kelinimni o‘zim o‘qitaman, sizlardan hech narsa kerakmas, bu narsani o‘ylamanglar, dedi rahmatli va so‘zining ustidan chiqib, kontrakt pulini to‘lab qizimni o‘qitdi. Magistraturani tugatadigan yili qaynotasi o‘tib qoldi. Shundan keyin oiladagi muhit izdan chiqib ketdi», — dedi u.

Yo‘ldosh To‘laganovning qayd etishicha, qaynotasining o‘limidan keyin qizini uyiga jo‘natishgan. Keyinroq esa magistraturaning yarim yillik to‘lovi to‘lanmagani ma’lum bo‘lgan. Uning o‘zi shu pulni to‘lagan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tinch hayot kechirish maqsadida eri bilan ajrashish uchun fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan, biroq turmush o‘rtog‘i sud majlisida ajrashish niyati yo‘qligi, aksincha, farzandlarini yetim qilishni istamasligini aytgan. Sudya ajrim talabini rad etgan va er-xotinning birga yashamayotganini inobatga olmagan, otaga bolalarning ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyatini ham yuklatmagan.

«Sudda kuyov ajrashmayman, bolalarimni yetim qilmayman, deb turib oldi. Yo‘qsa xotinini haydab yuborgan o‘zi, biz uning oilasini buzib, qizimizni olib kelganimiz yo‘q», — dedi ota.

Yo‘ldosh To‘laganov voqeadan bir-bir necha kun oldin eri Zilolaga qo‘ng‘iroq qilib, ataylab ruhiyatiga ta’sir qiladigan gaplarni gapirganini ma’lum qildi. U aynan telefondagi suhbatdan so‘ng ruhiyatida o‘zgarish bo‘lgan deb taxmin qilmoqda.

«U bizga hayvonot bog‘iga borayotganini aytmadi. Dorixonaga chiqib kelaman deb ketgandi… Shu voqeadan to‘rt kun oldin kuyov telefon qilib asabiga tekkan. Hozirgi holingdan battar qilaman deb aytgan. Jinni bo‘lib qolsang ham sen bilan ajrashmayman, uyda olib o‘tiraman deb aytgan. Bu gaplar unga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi», — deydi u.

Hodisadan so‘ng huquq-tartibot organlari ayolning katta farzandi — 6 yashar o‘g‘li Dadaxonni ham kelib olib ketishgan. Bola to tergov yakuniga qadar vasiylik organi qaramog‘ida bo‘lishi aytilmoqda.

Mahalla va oila vazirligi munosabati

Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati OTMda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ayol hozirda turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamayotganligi sababli ruhiy tushkunlikka tushib qolganini ma’lum qildi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, ajrim yoqasidagi mazkur oiladagi holat «Yangi Bunyodobod» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi N.Yuldasheva, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor O.Ashurova tomonidan ko‘p bora o‘rganilgan, oilani yarashtirish choralari ko‘rilgan.

«Fuqaro Z.T. 2021 yilda «Ayollar daftari»ga kiritilgan va unga uy-joy va ajrim masalasida zarur huquqiy maslahatlar berilgan. Shuningdek, homiylik mablag‘lari hisobidan uning oilasiga ikki bor oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, ayolning hamkasblari va yaqinlari Kun.uz nashriga ayolning «ayollar daftari»ga kiritilgani yolg‘on ekanini aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayol uy-joy masalasida bir necha marta mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman hokimligiga murojaat qilgan. Lekin ushbu murojaatlaridan natija bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan ayolga nisbatan mazkur O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayol hibsga olingan va tergov davom etmoqda.

Qizchada balandlikdan yiqilish oqibatida ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi kuzatilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi, tibbiyot xodimlari nazoratida, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.