2022 yil Toshkent shahrida 738 ta loyiha bo‘yicha jami 3 mlrd 800 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilishi reja qilingan. Bu haqda dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan poytaxtda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti vaqtida ma’lum qilindi.

Davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu mablag‘larning 2 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi. 500 ta loyiha joriy yilning o‘zida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Qolaversa, investitsiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida ham axborot berildi.

Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdimot vaqtida. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni ko‘paytirib, har bir tumanga qo‘shimcha 100 mln dollar jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Tashqi savdo borasida ham “o‘sish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 mlrd 400 mln dollar bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2026 yilga borib bu ko‘rsatkichni 2 mlrd 500 mln dollarga yetkazish mo‘ljallangan.

Prezident yirik xalqaro brendlarni jalb qilish orqali ham ichki bozor talabini qondirish, ham eksportni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimot davomida videoaloqa orqali tuman hokimlari va sektor rahbarlari bilan mahallabay ishlash masalalari yuzasidan muloqot bo‘ldi.