O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar orasida «omikron» shtammi ustunlik qilmoqda — bu tasdiqlangan holatlarning 85 foizini tashkil qiladi. Bu haqda Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov PROVAC loyihasida Feruzxan Yakubxodjayevga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Epidemiologik vaziyat

«Biz, yanvar oyidan, kasallik avj olishi holati, kasallanishlar soni ortganini kuzatmoqdamiz. „Omikron“ keng tarqala boshlagani laboratoriyalarimizda o‘z tasdig‘ini topdi allaqachon. Бuгuнги kunda respublikadagi epidemiologik holat quyidagicha: yangi kasallanish holatlarining 85 foizi „omikron“ shtammiga, 15 foizi esa shu kungacha ham saqlanib qolgan „delta“ shtammiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda ushbu mavsum uchun odatiy bo‘lgan gripp ham mavjud», — dedi Doniyor Mirazimov.

Shifokorning ta’kidlashicha, murojaatlar soniga nisbatan kasalxonada davolanishga muhtojlar soni o‘rtasidagi keskin farqni «behuda vahima» bilan izohlash mumkin.

«Bu yerda aholi orasida keng tarqalgan „PZR qildirishim kerak“, „zudlik bilan kasalxonaga yotishim kerak“, degan omil rol o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo koronavirusning yengil formasida kasalxonaga yotishni tavsiya etmayman, sababi, „omikron“ shtammida insonda o‘pka zararlanishi kuzatilmaydi. Bunday holatda insondan faol harakat qilish talab etiladi, kasalxona sharoitida esa bemor harakatsiz holatga keladi va uning organizmini himoyalovchi resurslari lozim darajada ishlamaydi», — deya tushuntiradi Mirazimov.

«Omikron»ning xususiyatlari

««Omikron» yuqumliroq ekani, tezroq yuqishini kuzatuvlarimiz ham tasdiqlaydi. Shu bilan birga, agar biz sal avval «delta» shtammi keksa yoshdagi insonlarga tez yuqishi haqida gapirgan bo‘lsak, o‘z navbatida «omikron» bolalarga ham, o‘rta va keksa yoshdagi kishilarga ham birdek yuqmoqda. Bu shtamm ayniqsa, «immuniteti zaiflashgan» ya’ni, keksa yoshdagi kishilar, surunkali kasalliklarga (qandli diabet, yurak qon-tomir kasalliklari, jigar sirrozi yoki onkologik kasallikka chalingan) ega insonlarga jiddiy xavf soladi. Va birinchi navbatda u xatar guruhidagi — emlanmagan insonlarga yuqishi mumkin», — deydi Doniyor Mirazimov.

PZR test javobi ijobiy chiqqanda nima qilish kerak?

«Bunday holatlarda birinchi va eng asosiy qilinadigan ish — vahimaga o‘rin qoldirmaslik. Ikkinchidan, o‘zingizga va atrofdagilarga ziyon yetkazmaslik o‘ta muhim».

Toshkentning har bir tumanida ixtisoslashtirilgan kovid-poliklinikalar va ixtisoslashtirilgan SES laboratoriyalari mavjud va u yerlarda bepul test topshirish imkoni bor. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida 1003 koll-markazi faoliyat yuritadi. Agar inson qanday yo‘l tutishni bilmasa, shu raqamga qo‘ng‘iroq qilib, maslahat olishi mumkin".

Shifokor xuddi kovid singari mavsumiy gripp ham yuqumli ekanini eslatib o‘tadi. U «boshqalar haqida ham o‘ylash kerakligi, jamoat joylarida niqob taqish, masofa saqlash, yaqinlarga yuqtirib qo‘ymaslik uchun o‘z-o‘zini yakkalash kerak"ligini qayd etdi.

Qaysi holatlarda kasalxonaga murojaat qilish mumkin?

Shifokorning aytishicha, «omikron» shtammi tez tarqalayotgan bo‘lsa-da, biroq u aksariyat bemorlarda yengil formada kechmoqda.

«Bugungi kunda „omikron“ shtammi aniqlanib, kasalxonamizga murojaat qilayotgan bemorlarning kunlik soni 600 dan ortgan, ammo ular og‘ir bemorlar emas. Shular orasidan biz 150−200 nafarigina kasalxonada davolanish uchun olib qolamiz. 15−20 nafar bemorgina og‘ir ahvolda kelishi mumkin», — deydi Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori.

Insonda «xavotirli belgilar» kuzatilsa, ya’ni nafas yetishmovchiligi, saturatsiyaning 93 foizdan tushib ketishi yoki harorat ketma-ket 4 kun davomida tushmagan taqdirda — bu kasalxonaga murojaat etishga sabab bo‘loladi.

Boshqa holatlarda turar joy bo‘yicha poliklinikadan onlayn-maslahat olishning yoki kovid-poliklinikalardan olinadigan va koronavirusning yengil formasini davolashda samarali sanalgan kovid-bokslarning o‘zi yetarli.

«Rossiya va Buyuk Britaniya ma’lumotlariga ko‘ra, «omikron»ga chalingan bemorlarning 80 foizi kasalxonaga yotishga muhtoj emas. O‘ylashimcha, bizda ko‘rsatkichlar boshqacha bo‘lishi mumkin — bizdagi bemorlarning hatto ko‘proq qismi kasalxonaga yotqizilishga muhtoj emas, nega deganda aholimizning aksariyat qismini yoshlar tashkil etadi. Ammo odamlarda vahima paydo bo‘lib, ular turli usullar bilan kasalxonaga yotishga urinishi bor gap», — deya ta’kidladi Doniyor Mirazimov.

Shu bilan birga, u, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi to‘lmagani, zaxira koykalar soni qariyb 800 tani tashkil etishini qo‘shimcha qiladi.

«Men shuningdek, kompyuter tomografiyasi qildirishdan ham tiyilishni tavsiya etgan bo‘lardim. KT — bu rentgen, nurlanish degani. Ayni vaqtda buni amalga oshirish uchun aniq ko‘rsatma bo‘lishi kerak, suyakdagi og‘riq, temperatura ko‘tarilishi KT qildirishga asos bo‘la olmaydi», — deya qo‘shimcha qildi kasalxona direktori.

«Odamlarga aytmoqchi bo‘lgan yana bir gapim — ayni vaqtda jiddiy xavotir uchun hech qanday asos yo‘q, hozirgi vaziyat nazorat ostida, sog‘liqni saqlash tizimimiz holatni jilovlay olgan», — deya ishontiradi shifokor.

«Bu yerda boshqa bir salbiy omil bor — u ham bo‘lsa o‘zboshimchalik bilan davolanish yoki o‘zini shifokor sanab olgan ayrim kishilarning yoki malakasi haminqadar bo‘lgan tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga amal qilish. Bizda juda ommalashib ketgan yana bir holat bor-ki, men barchani bunday qilmaslikka chaqirgan bo‘lardim — negadir odamlarimiz davolanishni kuchli antibiotiklar iste’mol qilishdan boshlashadi. U xoh „omikron“, xoh „delta“ yoki mavsumiy gripp bo‘lsin — ularning barchasi virusli infeksiyadir. Antibiotiklar esa virusga hech qanday ta’sir o‘tkazish xususiyatiga ega emas. Shu bilan birga, ular bir qancha zararli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Hozirda butun dunyoda antibiotiklardan asossiz foydalanilayotgani borasida bong urilmoqda. Ular immunitetni zaiflashtiradi. U juda kuchli narsa. Antibiotiklar faqat va faqat statsionar sharoitida va faqat shifokor ko‘rsatmasi bo‘yichagina qo‘llanilishi kerak. Ko‘rsatmalar esa laboratoriya tadqiqotlariga asoslangan bo‘ladi», — dedi Doniyor Mirazimov.

«Boshqa bir muhim holat — gormonal preparatlarni nazoratsiz qo‘llanilishidan qochish kerak. Hozirda shifokorlar ularni kamroq qo‘llamoqda, ammo shunday holatlar baribir uchramoqda… Bizda deksometazon, ba’zi holatlarda metilprednizolon preparatlariga ruju qo‘yish holatlari ko‘p uchraydi. Qisqa qilib tushuntiraman — bu glyukokortikosteroidli gormonlardir. Bu o‘ta kuchli preparatlar bo‘lib, inson hayotini saqlab qolishda qo‘llaniladi. Ya’ni, ulardan chora qolmagan taqdirdagina foydalanishadi. Biz kasalxonada faqatgina reanimatsiya sharoitida undan foydalanamiz. Bizda esa uy sharoitida undan foydalanish holatlari ham uchrab turadi», — dedi shifokor.

Ma’lumot uchun, 7 yanvar kuni O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarosida koronavirusning «omikron» shtammi aniqlangani ma’lum qilingan edi.