1 fevraldan birlamchi tibbiyot muassasalarida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, yangi tartibda ish yuritiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilingan, deya xabar bermoqda SSV.

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllari, qolaversa, bemorlar uchun o‘nlab turdagi blanklarni to‘ldirishga majbur bo‘layotganini ma’lum qilgandi.

Vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu boradagi vaziyatni chuqur o‘rganib, mavjud 26 turdagi jurnal hamda 33 turdagi hisobot shakllaridan bir qismini «amaliyotda keraksiz» deb topgan.

Vazirning buyrug‘iga ko‘ra, shu yil fevral oyidan boshlab ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida yuritiladigan 26 turdagi tibbiy hisob jurnallaridan 14 tasi qoldiriladi.

Qolgan 14 tasidan 10 tasi soddalashtirilgan. 33 turdagi tibbiy karta va blankalar esa 14 tagacha qisqartirilgan. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan tibbiy hisob hujjat shakllaridan foydalanish qat’iyan man etilgani ma’lum qilindi.

«Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini ortiqcha qog‘ozbozlik, ya’ni, hisobotu hujjatlar to‘ldirishga emas, balki bosh vazifasi bo‘lgan bemorlarni davolashga yo‘naltiradi», — deyiladi xabarda.