Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 31 yanvar oqshomida «Kinoteatr» davlat telekanalida «Baunti» filmining ochiqcha sahnalari namoyish etilgani bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Buning natijasida «Kinoteatr» telekanali efirga tayyorlash guruhi mas’uli A. A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Qolaversa, telekanal mutasaddi rahbari N.B.ga «hayfsan» jazosi qo‘llanildi.

«Telekanal Badiiy kengashi tomonidan teledasturlar saviyasi ekspertlar ishtirokida atroflicha va tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tashkiliy, ijodiy-texnik chora-tadbirlar belgilandi», — deyiladi xabarda.

«Baunti» — 1984 yilda Rojer Donaldson tomonidan suratga olingan dengiz sarguzashtlari haqidagi film. Syujet real voqealar va Richard Xyugning «Kapitan Blay va janob Kristian» romaniga asoslangan. Bosh rollarda Mel Gibson, Entoni Xopkins va Edvard Foks o‘ynagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Sevimli telekanalidagi «Sabriya» teleserialida efirga ketgan ahloqsizlik sahnalari ko‘pchiliknig e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Buning ortidan AOKA o‘rganish oli bordi va natijada Sevimli telekanali bosh direktori va bosh muharriri ishdan bo‘shatildi.