Yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,9 foizni, yillik inflyatsiya esa (2021 yilning yanvar oyiga nisbatan) 9,8 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Yanvar oyidagi inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga, yillik ko‘rsatkich esa 2021 yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga pastlagan.

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Oziq-ovqat mahsulotlari yillik va oylik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Shunday qilib, 2022 yilning yanvar oyida 2021 yilning yanvariga nisbatan ularning narxlari o‘rtacha 13,1 foizga oshdi. Nooziq-ovqat mahsulotlar va pullik xizmatlar ushbu davrda mos ravishda 7,8 foizga va 6,9 foizga qimmatladi.

Oy davomida esa oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,3 foizga oshdi. Ushbu davrda, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 0,5 foizga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,7 foizga o‘sdi.

2022 yilning boshida tuxum narxlari 0,9 foizga pasaygan. Yanvar oyida tuxum eksporti cheklangan edi. Eksport cheklanishi bilan yanvar oyida tuxum narxining pasayishiga iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘z fikrini bildrdi.

“Biz eksportini cheklagan tuxum narxi yanvar oyida qariyb 1% ga pasaygan. Yillik ko‘rsatgichlarda esa tuxum narxi 0,1% ga pastlagan. Yillik inflatsiya 10% ga yaqin bo‘lgan iqtisodiyotda tuxumning real narxi pastlamoqda. Qo‘shimcha cheklovlar esa yana o‘z kuchini ko‘rsatishni boshlaydi, ya’ni tuxum yetishtirishga bo‘lgan rag‘bat kamayadi, bu esa narxlarni yana oldingi muvozanatga qaytaradi. Boshqacha aytganda, tuxum narxi bozorda strukturaviy o‘zgarishlar tugaguncha ya’ni qisqa muddatda pasayishi mumkin, keyin esa yana osha boshlaydi. Iste’molchilar yana bir necha oy davomida tuxum narxi pasayishini ko‘rishlari mumkin”, — deya ta’kidladi iqtisodchi.

Bu oyda ananaviy tarzda meva-sabzavot mahsulotlari narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik qildi. Mevalar narxi 2021 yil oxiriga nisbatan 3,1 foizga, sabzavotlar 5,8 foizga qimmatlashgan. Go‘sht mahsulotlari esa 0,4 foizga arzonlashgan.

Yanvar oyida eng qimmatlagan sohalardan biri restoran va mehmonxonalar xizmatlari bo‘ldi. Ushbu xizmatlar 2021 yilning dekabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatladi. Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 1 yil 1 yanvardan boshlab 2027 yil 1 yanvarga qadar mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari) bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini 90 foizga kamaytirish belgilandi.

Shuningdek, yilning ilk oyida transport xizmatlari narxlari 0,4 foizga pastlagan.

Qayd etish lozimki, ushbu oyda O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi uzilishlar sodir bo‘lgandi. Ushbu xizmatlarga talab ortishiga qaramasdan turar-joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i turlari bo‘yicha xizmatlar narxlarida kichik, 0,3 foizga o‘sish kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabr oyida inflyatsiya 1,2 foizni tashkil qildi. Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 1,9 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5 foizga qimmatlashgan edi.