Toshkent shahrida Inson qadri indeksi joriy etiladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati. Ma’lum qilinishicha, taklif 31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti doirasida muhokama qilingan.

«Ma’lumki, dunyoda Inson taraqqiyoti indeksi bor. U aholining hayot sifati, savodxonlik darajasi va umri davomiyligini qiyosiy baholaydigan ko‘rsatkichdir. Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan „inson qadrini ulug‘lash“ g‘oyasi bilan hamohang», — deyiladi xabarda.


Xabarga ko‘ra, Inson qadri indeksi mahallalarni o‘rganish va uning natijalarini tahlil qilish asosida ishlab chiqiladi. Xususan, poytaxtning Chilonzor, Uchtepa, Sergeli va Yunusobod tumanlaridan bittadan mahalla tanlab olinib, aholi o‘rtasida 56 xil masala bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bu orqali mahallada qaysi soha oqsayotgani, odamlarda nimalarga talab borligi aniqlangan.

Prezident shu singari tahlilni sinov tariqasida poytaxt mahallalari kesimida yo‘lga qo‘yish, uning natijalariga qarab, muayyan hududga e’tiborni kuchaytirishni taklif qildi.

«Buning mezonlari qanday bo‘ladi? Olti oy yoki yil yakunida nimaga erishiladi? Shuning uchun ilmiy asoslangan tizim kerak. Shahar hokimligida Situatsion markazga o‘xshash tahlil markazi tashkil qilish, dasturiy mahsulot yaratish zarur», — deya ta’kidlagan prezident Shavkat Mirziyoyev.


«Mahallabay ishlash oson emas, zimmamizga katta mas’uliyat olayapmiz. Bu tizim qaysi mahallaga, qaysi ko‘chaga birinchi bo‘lib kirishni ko‘rsatib berishi kerak. Hamma ishlarni jamoatchilik bilan maslahatlashib, mahalliy kengashlarda tasdiqlab, tartib bilan bajarish zarur», — dedi u.

Prezident indeks loyihasini mutaxassislar bilan muhokama qilib, har tomonlama takomillashtirish, sektor rahbarlariga bu tizimni o‘rgatish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu ularning o‘z ish uslubini o‘zgartirishga undashi ta’kidlandi, deya qayd etdi davlat rahbari.

Dekabr oxirida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimiyat muayyan tumanda qaysi muammoni yechish yoki nima qurish kerakligini aniqlash uchun «Qulaylik indeksi»dan foydalanishini ma’lum qilgandi.