31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi mahallalar aholisi muammolarini o‘rganuvchi Inson qadri indeksi joriy qilinishini ma’lum qildi. O‘zbekiston24 kanalining ushbu taqdimotdan ko‘rsatgan lavhalarida indeksning ko‘rsatkichlari namoyish qilindi. Bunga «Gazeta.uz» e’tibor qaratdi.

Lavhaga ko‘ra, indeksni «Sog‘liqni saqlash», «Ta’lim», «Xavfsizlik», «Bandlik», «Daromad», «Harakatchanlik», «Demografiya» va «Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik» bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosida hisoblab chiqilishi taklif etilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar ham, o‘z navbatida, bir nechta indikatorlar asosida o‘rganiladi.

Indeks quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi:

  • sog‘liqni saqlash: o‘rtacha yashash umri, ayollar o‘limi, erkaklar o‘limi, bolalar o‘limi, sil kasallari soni, VICH infeksiyasining tarqalishi, nogironga yaratilgan imkoniyatlar;
  • ta’lim: MTM qamrovi, o‘rta ta’lim qamrovi, o‘rta maxsus ta’lim o‘quvchilar soni, tijorat MTMlarda o‘quvchilar soni, tijorat maktablarda o‘quvchilar soni, tijorat oliygohlarda o‘quvchilar soni, sportchilar soni, to‘garaklar soni;
  • xavfsizlik: mahallada sodir etilgan jinoyatlar soni, qotillik darajasi, o‘z joniga qasd qilish soni (ayollar), o‘z joniga qasd qilish soni (erkaklar), adashgan va yot g‘oya ta’siriga tushganlar;
  • bandlik: yoshga doir nafaqaxo‘rlar soni, norasmiy band bo‘lganlar soni, ishsizlik darajasi, yoshlar ishsizlik darajasi, zaif band bo‘lganlar soni;
  • daromad: aholi jon boshiga real daromad, aholi jon boshiga doimiy daromadi 5 mln so‘mdan past bo‘lgan aholi soni;
  • harakatchanlik: internet foydalanuvchilar soni, mobil aloqa foydalanuvchilari soni, tashqi migratsiya koeffitsiyenti, ichki migratsiya koeffitsiyenti;
  • demografiya: aholi soni, aholi zichligi, aholining o‘rtacha yoshi, 65 yoshdan yuqori aholining darajasi, 18−30 yoshdagi aholi soni, ajrimlar soni;
  • ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik: malakali ishchi kuchi darajasi (jami ishchi kuchiga nisbatan), uysizlar soni, tadbirkorlar soni, 3 ta daftarda turuvchilar soni, mahalla obodligi.

«Birinchi qaysi ko‘chaga borishimiz, mahalladagi qaysi xonadonga kirishimiz kerak? Ana shuni bilsak, eng zaif joyimizni bilgan bo‘lamiz. Biz inson omili bilan yashayapmiz, adolatli haqiqat bilan yashayotganimiz yo‘q. Hozir Toshkentdagi xohlagan tuman aholisiga murojaat qilsak, baribir shubhalanadi, «Men kambag‘alman-ku, meni ko‘chamda tibbiyot yo‘qku, meni ko‘chamda ta’lim yo‘qku, ikki smenaku deydi. Odamlar ishonmayapti bizga», — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev indeks taqdimotida.

Davlat rahbari ushbu indeks tuman va shahar sektorlariga qaysi fuqaro yoki xonadon bilan birinchi navbatda ishlash kerakligini aniqlab berishini ta’kidladi.

«Navbat bilan yomondan yaxshiga kelamiz. Mana bu mahalladagi 7 ta ko‘chada falon-falon xonadonlarning yoki fuqarolarning holati yomon, mana shundan boshlaymiz. Keyin boshqalarga kelamiz, degan gapni qilishi kerak ular», — dedi u.

Prezident 15 kun ichida har bir tuman kengashi, keyinchalik poytaxt va oxirida qonun darajasida tasdiqlanadigan ilmiy asoslangan tizim kerakligini aytdi.

«Agar yil oxirigacha biz buni Toshkentda amalga oshirsak va toshkentliklar xursand bo‘lsa, biz buni qonunga aylantiramiz. Agar bo‘lmasa, biz xatolar, kamchiliklarni tahlil qilamiz. Kabinetlarda o‘tirib buyruq berilgan tizim endi bo‘lmaydi. Ushbu indeks bo‘yicha tuman hokimligi va davlat organlarining faqat ish uslubi va talabchanligi emas, ularning faoliyati tuzilmasi ham o‘zgarishi kerak», — dedi u.

«Bizning eng zaif tomonimiz, chap qo‘l qilganni o‘ng qo‘l bilmaydi. Nega Sergeli tumanidagilar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi poliklinika, kasalxonaga kelishlari kerak. Davlat Sergeli tumani tibbiyoti uchun pul ajratyapti. Nega Surxondaryodan odamlar Toshkentga kelyapti? Bu noto‘g‘ri. Biz xuddi e’tibor, pul va davlat topshiriqlari yo‘naltirilgan manzil yo‘qdek ishlayapmiz. Bizda hamma narsa umumiy. Bu odamlarning noroziligini keltirib chiqarmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident to‘rtta sektor rahbarlariga har oy indeks doirasida ball berilishini ta’kidladi.

«Uch oy, 6 oy yoki yil oxiriga kelib nimaga erishiladi? Bosh vazir prezidentga [rahbar] ishlashga huquqi bormi yoki yo‘qligi haqida hisobot beradi», — deya qayd etdi davlat rahbari.