Toshkentda IIV xodimlari elektroshokerlardan foydalana boshladi. Bu xabarni «Gazeta.uz»ga Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xodimi tasdiqladi.

Yanvar oyi boshidan faqatgina IIV tomonidan tasdiqlangan xodimlargina elektroshokerdan foydalanishiga ruxsat berilgan. Shuningdek, ular Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, buni tasdiqlovchi sertifikat ham olishgan.

Ma’lumot uchun, huquqni muhofaza qilish organi xodimining maxsus vositalardan, shu jumladan elektroshokerdan foydalanish tartibi O‘zbekistonning «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonuni, shuningdek, IIVning tegishli yo‘riqnomasi bilan belgilanadi.

Xususan, elektroshokerlar, elektrodubinkalar va elektroto‘pponchalar ichki ishlar organi xodimlariga yo‘l-patrul xizmatini va jamoat tartibini ta’minlash uchun beriladi.

Ichki ishlar organlari xodimi elektroshokerdan o‘ziga yoki fuqaroga qilingan hujumni qaytarishda, jinoyatni yoki huquqbuzarlikni to‘xtatishda, jinoyatga qo‘l urgan odamni hibsga olishga va yashirinishga urinishda, qo‘lga olingan fuqarolar va binolarni ozod qilishda hamda ommaviy tartibsizliklarni oldini olishda foydalanishi mumkin.

O‘zbekistonda foydalaniladigan elektroshokerlar Rossiyadagi «Mart grupp» zavodi tomonidan ishlab chiqariladi.