O‘zbekiston Tojikistondan 23 mln dollarlik elektr energiyasi xarid qilgan. Bu haqda Tojikiston energetika va suv xo‘jaligi vaziri Daler Jumaning so‘zlariga tayanib, Spot nashri ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda Tojikiston xorijga 2020 yildagiga nisbatan ko‘proq elektr energiyasi sotgan. Mamlakat qariyb 2,5 mlrdkVt/soat elektr energiyasi eksport qilgan. Bu 2020 yilga nisbatan 900 mln kVt/soatga ko‘proq, deya aytib o‘tdi vazirlik rahbari.

Eksportning asosiy qismi O‘zbekiston va Afg‘onistonga yo‘naltirilgan. Jumladan, Afg‘oniston 1 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi uchun qariyb 55 mln dollar mablag‘ sarflagan.

Shuningdek, O‘zbekistonga yetkazib berilgan elektr energiyasi darajasi 1 milliard kVt/soatni tashkil qilgan. Buning uchun mamlakat 23 mln dollardan ortiq pul sarflagan.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston elektr energiyasi ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirgan.

2021 yilda ishlab chiqarilgan energiya resurslari hajmi 20 mlrd kVt/soatdan oshdi. Bu 2020 yilga nisbatan 4,3 foizga ko‘proq hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, Tojikiston davlat rahbari mamlakatni energetik qaramlikdan xalos qilish zarurligini e’lon qildi. Buning uchun 2030 yilga borib Tojikistondagi stansiyalar quvvatini 10 ming MVtgacha oshirish maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklangani xabar berilgan edi.