Zelenskiy Ukraina armiyasi 100 ming kishiga ko‘paytirilishini ma’lum qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy armiya to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra, yaqin uch yil ichida Ukraina qurolli kuchlari (UQK) soni 100 ming kishiga ko‘payadi. Bundan tashqari, UQKning yana 20 ta brigadasi tuziladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Ushbu farmonda barcha harbiylarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni eng kam ish haqining uch baravaridan kam bo‘lmagan darajaga ko‘tarish, Ukrainaning professional armiya asoslariga o‘tishi va shartnomalar muddatini oshirish ko‘zda tutilgan. Harbiy xizmatchilar, faxriylar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish, ofitserlarning martaba oshirish tizimini ishlab chiqish» rejalashtirilgan, — dedi janob Zelenskiy Ukraina Oliy Radasida parlamentning yangi sessiyasi ochilishida qilgan chiqishida.

London xalqaro strategik tadqiqotlar instituti o‘zining The Military Balance 2021 yilgi nashrida Ukraina qurolli kuchlarining kuchini 209 ming harbiy xizmatchi deb baholagan. Bunda quruqlikdagi kuchlarda 145 ming, dengiz flotida 11 ming va havo kuchlarida 45 ming nafar askar borligi qayd etilgan. 2021 yil iyul oyida Oliy Rada Ukraina Qurolli kuchlarining maksimal sonini 215 mingdan 261 ming kishiga oshirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan — Kommersant’.


Turkiya Markaziy banki bazaviy stavkalarni pasaytirishda davom etadi

Turkiya prezidenti Rejeb Tayyib Erdo‘g‘on asosiy stavkani yanada pasaytirish niyatida, deya xabar bermoqda Bloomberg.

Bu haqda Turkiya rahbari 29 yanvar, shanba kuni ma’lum qilgan. Shimoli-sharqiy Giresun viloyatida bir qator obyektlar ochilishida u Markaziy bank stavkalarni pasaytirish siyosatini davom ettirishiga va’da berdi.

«Biz inflyatsiya fuqarolarga yuk ekanligini tushunamiz. Biz ilgari foiz stavkalarini tushirganmiz va ularni pasaytirishda davom etamiz va ular bilan inflyatsiya ham pasayadi», — dedi Erdo‘g‘on.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, turk lirasi so‘nggi paytlarda «valyuta bozorlarida manipulyatsiya»ga duch kelgan. Bunga javoban davlat milliy valyuta kursini barqarorlashtirish choralarini ko‘radi.


Tokio shahrida 26 yildan beri ilk marta aholi soni kamaydi

Yaponiya poytaxti aholisi 2021 yilda 2020 yilga nisbatan qariyb 48,6 ming kishiga kamayib, deyarli 14 mln kishiga yetdi, deya xabar berdi Kommersant’.

Bu Tokio aholisining 1996 yildan beri birinchi marta kamayishi hisoblanadi.

Yil davomida aholi sonining bosqichma-bosqich kamayishi qayd etildi. Dekabr bilan solishtirganda, 2022 yilning yanvariga kelib Tokio aholisi 9872 kishiga kamaydi.

1962 yilda Tokio aholisi 10 mlnga yetgan, shundan keyin aholining o‘sishi sekinlashdi. 14 million darajasiga faqat 2000 yilda erishilgan. 2015 yildan 2020 yilgacha butun Yaponiyada yashovchilar soni deyarli 1 mlnga kamayib, 126,14 million kishini tashkil qilgan.


The New York Times Wordle o‘yinini sotib oldi

The New York Times ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lishga ulgurgan Wordle jumboq so‘zni topish onlayn-o‘yinini sotib olganini ma’lum qildi.

Shartnoma miqdori yetti raqamli ekani aytilgan, nashr aniq raqamni oshkor etmagan. Bundan kelib chiqadiki, o‘yin 1 mln dollar yoki undan ko‘proqqa xarid qilingan.

Nashr jumboq va krossvordlar uchun alohida obunaga egaligiga qaramasdan, Wordle bepulligicha qoladi.

Wordle — bu boshqotirma o‘yini bo‘lib, unda besh harfli so‘zni oltita urinishda topish lozim. Uni kuniga bir marta o‘ynash mumkin. Xizmat faqat veb-versiyada ishlaydi, o‘yinning mobil ilovalari mavjud emas.

Dasturchi Josh Uordl oktabr oyida sherigi va oilasi uchun Wordle’ni ishga tushirdi. 2021 yilning oxiriga kelib u ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda o‘yinchilar soni bir necha mlndan oshgan.

Shu oyda The New York Times The Athletic sport yangiliklari veb-saytini sotib olish uchun 550 mln dollar sarfladi va sayt o‘zi bilan birga 1,2 mln obunachini olib kelgan.


Qozog‘iston hukumati mamlakatda vazirlar va deputatlar maoshlarining oshirilishini taqiqlovchi qarorni imzoladi

Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasi 31 yanvar kuni vazirlar, parlament deputatlari va ma’muriyat rahbarlarining ish haqini oshirishni taqiqlovchi qarorni qabul qildi. Bu haqda respublika bosh vaziriga tayanib TASS xabar berdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 11 yanvar kuni vazirlar, viloyatlar rahbarlari va deputatlar ish haqini oshirishga besh yillik moratoriy e’lon qilgandi.

«Davlat rahbarining farmoyishi ijrosi doirasida «Parlament deputatlari, hukumat a’zolari va barcha darajadagi hokimlarning (boshqaruvchilar) ish haqini oshirishga moratoriy kiritish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi», — deyiladi xabarda.


Daniya Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida birinchi bo‘lib COVID-19 cheklovlarini bekor qildi

Daniyada 31 yanvardan boshlab koronavirusga qarshi barcha cheklovlar o‘z faoliyatini to‘xtatadi, shu tariqa mamlakat ilgari mavjud bo‘lgan barcha choralarni bekor qilgan birinchi Yevropa Ittifoqi davlati bo‘ldi, deya xabar berdi Interfaks.

Endi Daniyada niqoblar va COVID pasportlari majburiy bo‘lmaydi. Shuningdek, bar va restoranlarning ish soatlari cheklanmaydi. Tungi klublar ham qayta ochilmoqda, bino ichida odamlar soniga cheklov olib tashlandi.

Shu bilan birga, mamlakatga kelganlar, xususan, Shengen hududidan tashqaridagi mamlakatlardan emlanmagan sayyohlar uchun ayrim cheklovlar saqlanib qoladi.

Cheklovlar koronavirus bilan kasallanishning yuqori darajasiga qaramay olib tashlandi — 31 yanvar kuni mamlakatda 27,6 mingga yaqin infeksiya holati qayd etilgan. Daniyada aholining 80 foizdan ortig‘i virusga qarshi vaksinaning ikkala dozasini olgan va taxminan 60 foizi buster doza bilan emlangan.