Bugun Qonunchilik palatasida «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Majlis UzReport TV`da onlayn efirga uzatildi.

Qonun loyihasida yer uchastkalarining «davlat ehtiyojlari uchun» olib qo‘yilishi ta’rifi o‘rniga «jamoat ehtiyojlari uchun» tushunchasi qo‘llanilgan.

Muhokama jarayonida qonun loyihasi nomining o‘ziyoq deputatlar o‘rtasidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev qonun loyihasi nomida qo‘llanilayotgan «jamoat ehtiyojlari» atamasiga e’tiroz bildirdi.

Zafar Xudoyberdiyev. Foto: Videodan lavha.

«Qonunchiligimizda davlat va jamoat ehtiyojlari hamda davlat va jamiyat ehtiyojlari tushunchalari bor. Ushbu qonunning qabul qilinishi bilan mazkur tushunchalar o‘rniga jamoat ehtiyojlari tushunchasi kirib kelayapti. Lekin, loyihada ularning faqat nomi o‘zgartirib qo‘yilyapti, amalda umuman farq qilmaydi», — dedi u.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasining asosi hisoblangan prezidentning 2021 yil 8 iyundagi [PF-6243-son] farmonida ham «davlat va jamoat ehtiyojlari uchun» 8 marotaba takrorlangan, biroq «jamoat ehtiyojlari uchun» iborasi qo‘llanilmagan. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 543-sonli qarori bilan tasdiqlangan reglamentda esa yer uchastkasini davlat ehtiyojlari hamda jamoat ehtiyojlari uchun berish alohida etib belgilangan.

Nuriddin Sultonov. Foto: Videodan lavha.

O‘zLiDeP fraksiyasining yana bir a’zosi Nuriddin Sultonov ham loyiha nomiga e’tiroz bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qonun loyihasida ham prezident farmonida keltirilganidek, «davlat va jamoat ehtiyojlari» uchun deb qayd etish kerak.

Rasul Kusherbayev. Foto: Videodan lavha.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev esa qonun haqiqatda uzoq kutilgani va asosiy e’tiborni uni amalda ishlashiga qaratish kerakligini aytdi.

«Biz uni „davlat va jamoat ehtiyoji“ deb nomlaymizmi yoki „jamoat ehtiyoji“ deb ataymizmi amalda u deyarli hech narsani o‘zgartirmaydi. Lekin mening fikrimcha, „jamoat ehtiyoji uchun“ deb berilayotgan ta’rif nisbatan xalqchilroq va odamlarga yaqinroq. Sababi, gap ana shu yerda ko‘pchilik, ya’ni jamoat ehtiyojlari nuqtai nazaridan olib qo‘yish haqida ketayapti. Agar farmonda „davlat“ so‘zi qo‘shilgan bo‘lsa bu hech narsa emas, qonunda jamoat sifatida ishlatamiz, keyinchalik farmonni o‘shanga moslayveradi», — dedi u.

Deputatning fikricha, «ushbu qonun loyihasida taqdim etilgan tushuncha nisbatan to‘g‘riroq, ixchamroq va amalda muammo keltirib chiqarmaydigan ta’rif».

Alisher Hamroyev. Foto: Videodan lavha.

Milliy tiklanish fraksiyasi a’zosi Alisher Hamroyev esa Rasul Kusherbayevning fikriga qo‘shilmasligini ta’kidladi.

«Esizda bo‘lsa, jamoat joyi degan ta’rif chiquvdi, hozirgacha ta’rifini bera olmaymiz. Kim u jamoat? Bu mavhum tushuncha. Yer kimni hisobiga olinayapti? Davlatnikigami? Davlatning puli hisobidanmi kompensatsiya ham? Davlat bo‘lishi kerak, menimcha. Mavhum narsa hech qachon xalqchil bo‘lmaydi, mavhum narsa hech qachon xalqqa foyda keltirmaydi», — dedi u.

Nurdinjon Ismoilov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bahsga aralashib, «deputatlar faqat qonun to‘g‘ri ishlasin, keyinchalik masalasi chiqmasin» degan mazmunda o‘rinli savol berganini aytdi.

«Biz bu kabi qonunni birinchi marta qabul qilayapmiz. Bu juda katta yutuq. Kusherbayev to‘g‘ri aytayapti, bu hamma kutib turgan qonun. Qonun boshqa qonun osti hujjatlaridan yuqori, mana shunda nima desak, keyin qolganlari shunga qarab ketadi. „Jamoat ehtiyoji“ degan narsa aslini olganda davlat manfaati uchun bo‘lsa ham u juda keng tushuncha. U davlat xavfsizligi ham, odamlar xavfsizligi ham, ijtimoiy masala ham bo‘lishi mumkin — mana shularning hammasi jamoat ehtiyoji. Biz shu qonunda qanaqa ta’rif bersak, qolgani keyin [shunday] ketaveradi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning 4-moddasida «yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish holatlari jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi: mudofaa, davlat xavfsizligi uchun, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalar va boshqalar».

Shundan kelib chiqib, Nurdinjon Ismoilov Rasul Kusherbayevning fikrini qo‘llab-quvvatladi.

«Aslida olganda davlatning manfaatiga o‘xshayapti, lekin bu ham baribir jamoat ehtiyoji. Shuning uchun deputatlarimizning bir qismi to‘g‘ri aytayapti, biz mana shunda «jamoat ehtiyoji»ga qanaqa ta’rif bersak, keyin qolgani shunaqa ketaveradi, xato bo‘lmaydi», — dedi u.

Spiker shuningdek, kuni kecha mazkur masalada Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov bilan soatlab muhokama qilganini aytdi. Qo‘mita raisi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari «jamoat ehtiyoji» uchun degan ta’rifni qo‘llab-quvvatlashganini aytgan, majlisda esa e’tirozlar asosan ushbu partiya vakillari tomonidan bildirildi.

Alisher Karimov. Foto: Videodan lavha.

Qo‘shimcha izoh berish uchun so‘z adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimovga berildi.

«Jamoat ehtiyojlari uchun degan yangi tushunchani kiritayapmiz. Kecha fraksiyalar yig‘ilishida ham bunga tushuntirish bergandik. Birinchi navbatda Konstitutsiyamizga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2-moddasida davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi», deyilgan. Bundan tashqari, ushbu tushunchani ishlatishda o‘zbek tilining etimologik lug‘atiga ham e’tibor qaratdik. «Jamoat, jamoa» so‘zi — aholi ma’nosidagi arabcha «jamaat» so‘zidan olingan", — dedi u.

Ta’kidlanishicha, barcha davlat organlarining xatti-hakarati avvalo xalq davlatning asosini tashkil qilgani uchun inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi lozim. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, shuning uchun ham «ushbu yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga faqatgina aholining ehtiyojlarini ko‘zlagan holdagina olib qo‘yish masalasi nazarda tutilgan».

Qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy tajriba ham o‘rganilgani ta’kidlandi. «Yaponiya, Koreya Respublikasi, Shvetsiya, Finlyandiya, Estoniya kabi davlatlar qonunchiligida ham „davlat ehtiyoji“ degan tushuncha qo‘llanilmagan. Hamma holatlarda „jamoat ehtiyojlari“ tushunchalari qo‘llanilgan», — dedi Alisher Karimov.

Quyi palata spikeri qonunda «jamiyat» tushunchasini qo‘llashga oid fikrlar ham bo‘lganini, biroq «jamiyat» va «jamoat» so‘zlari bir-biridan farq qilishini ta’kidladi. «Jamoat ehtiyoji tushunchasiga davlat, nodavlat, xususiy ham kirib ketadi», — dedi u.

Deputat Alisher Hamroyev o‘z fikridan qaytmadi va yana bir bor e’tiroz bildirdi. «Jamoat ehtiyoji degan tushuncha bor, lekin bu yerda yer oldi-berdi bo‘ladi, uni egasi o‘zgarayapti. Jamoat kim u? Davlatmi, investormi yoki bironta tashkilotmi?», — dedi u. Spiker esa «jamoat kim deb emas, balki jamoat ehtiyoji nima deb savol berish kerakligini» va bu savolga 4-moddada javob yozilganini aytdi. Alisher Hamroyev esa bosh chayqab, o‘z noroziligini namoyish etdi.

Nurdinjon Ismoilov shundan so‘ng, qonunni moddama-modda muhokama qilishni taklif etdi.

Doniyor G‘aniyev. Foto: Videodan lavha.

4-moddaga O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev e’tiroz bildirdi. «Jamoat manfaatlari sifatida erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) qayd etilayapti. EIZ tashkil etilganidan keyin ma’lum vaqt tadbirkorlarga beriladigan yer hisoblanadi. Prezident farmoni bilan 2019 yilda butun boshli Navoiy viloyati EIZ deb e’lon qilindi. Ertaga Navoiy viloyatida har qanaqa yerni EIZligini inobatga olib, unga yer berish nuqtai nazaridan olish mumkin bo‘lib qoladi. Navoiy viloyatining har bir yer uchastkasi jamoat yeri hisoblanadimi?», — dedi u.

Deputatning savoliga adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov aytarlik javob bera olmadi. Doniyor G‘aniyev esa savolini takrorlab, «bu oddiy logika» ekanligini ta’kidladi.

Vazirga yordamlashishga harakat qilgan «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Qodir Jo‘rayev esa Navoiy viloyatining bir qismigina erkin iqtisodiy zona etib belgilanganiga ishontirishga harakat qildi (Aslida esa rostdan ham 2019 yil 15 mayda Navoiy butunligicha EIZ deb e’lon qilingan).

Unga qo‘shimcha ravishda «Milliy Tiklanish» a’zosi O‘ktam Islomov «Navoiy viloyati EIZ bo‘lgani bilan barcha tadbirkor ham uning ishtirokchisi hisoblanmasligini ta’kidladi. «Minglab tadbirkorlar bor, ularning faqat 100 tasi EIZ ishtirokchisi maqomini olgan bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Bunga ham Doniyor G‘aniyevning e’tiroz bildirayotganini ko‘rgan palata Spikeri «janjal qilmaslikni» so‘rab, deputatlarni tartibga chaqirdi.

Deputat Rasul Kusherbayev esa EIZlar uchun yer uchastkalari amaliyotda olib qo‘yilgan yoki yo‘qligiga qiziqdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari esa Doniyor G‘aniyevning savoliga yana bir bor javob berishga harakat qilib ko‘rdi. «Bu normaning kiritilishi kelgusida tashkil etiladigan EIZlar yoki mavjud EIZlarning chegaralari davlat rahbari qarori bilan o‘zgartirilishi mumkin. Shu holatlarda qaysidir jismoniy yoki yuridik shaxslarga tegishli yer uchastkalarini olib qo‘yishga huquqiy asos yaratadi. Lekin hozirgi kunda bunaqa katta muammo yaratgani yo‘q», — dedi Alisher Karimov.

Hal qiluvchi so‘z Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutovga berildi.

«Deputatlardan shunga e’tibor berishni so‘rardim, bu qonun kompensatsiya evaziga yerni olishga qaratilgan. EIZ yerida olib qo‘yish mumkin degani bu — oladi degani emas. Qonunda rad etish ham bor. Ya’ni Kuzatuv kengashi bir marta rad etsa, ikkinchi marta u yer olib qo‘yishga qo‘yilmaydi. Qonun to‘liqligicha aytganda kompensatsiya to‘lashga qaratilgan bo‘lib, u 20 dan ortiq bosqichlardan o‘tadi», — dedi u.

Shundan kelib chiqib, Ravshan Mamutov qonunni moddama-modda ovozga qo‘yishni so‘radi. 4-modda ovozga qo‘yildi va unda 3 nafar deputat ovoz bermadi, betaraflar 4 nafar, qarshilar 6 nafar (katta ehtimol bilan ular qatorida Doniyor G‘aniyev ham bor) va tarafdorlar 104 nafarni tashkil qildi.

Yana bir qancha muhokamalar hamda ayrim o‘zgartishlardan so‘ng, Spiker munozaraga kirishgan har bir deputatdan qonun bo‘yicha yakuniy fikr so‘radi va ularning barchasi ijobiy javob berdi.

Foto: Videodan lavha.

Shundan so‘ng, loyihani uchinchi o‘qishda qabul qilish uchun yakuniy ovozga qo‘yildi. 111 nafar deputat ma’qulladi, 3 nafari ovoz bermadi, 1 nafari esa betaraflikni tanladi. Shu bilan qonun loyihasi ma’qullanib, Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.