1 martdan boshlab barcha imtiyozli toifaga kiruvchi qo‘shimcha 30 ming nafar fuqaroga 130 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lab beriladi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Davron Pozilov ma’lum qildi.

Bu bo‘yicha 28 yanvar kuni prezidentning “Aholini ijtimoiy himoya qilish, himoyaga muhtoj toifalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimni yanada takomillashtirish” to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingan.

Hozirga qadar 5 turdagi imtiyozli toifaga ega salkam 70 ming fuqaroga uy-joy kommunal xizmatlari xarajatlarini qisman qoplash uchun pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan, tabaqalashtirilgan holda kelib chiqib 72 ming so‘mdan 144 ming so‘mgacha kompensatsiya pullari to‘lanib kelingan.

Ushbu kompensatsiya pul to‘lovi faqat mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yoki pensiya hamda nafaqa oluvchi fuqarolarga to‘lanishi belgilangan edi.

Kompensatsiya pul to‘lovlari beriladigan shaxslarning imtiyozli toifasiga kiruvchi, biroq mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan, pensiya va nafaqa olmaydigan fuqarolarga kompesatsiya to‘lanmagan.

Jumladan, Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan hamda Afg‘onistonda o‘z harbiy-xizmat majburiyatlarini bajarib, baynalminal burchlarini ado etgan shaxslarga oldinlari kompensatsiya berilmagani aytildi.

“2022 yil 1 martdan boshlab barcha imtiyozli toifaga kiruvchi qo‘shimcha 30 ming nafar fuqaroga, ularning pensiya nafaqa olishi yoki mehnat faoliyatini olib bormasligidan qat’iy nazar, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 45 foizi miqdorida (130 ming so‘m) kompensatsiya pul to‘lovlarini olish huquqi berildi”, — deya ta’kidladi Davron Pozilov.

Shu bilan birga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlarga ham 130 ming so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan pensionerlarga har oy 289 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi.

Buning uchun barcha toifadagi imtiyozga ega fuqarolar safiga kiruvchi shaxslar doimiy yoki vaqtinchalik turar-joyidagi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limlariga murojaat qilishlari lozimligi bildirildi.

100 yoshga to‘lgan va undan oshgan pensionerlar bundan mustasno. Ularga kompensatsiyalar avtomatik tarzda hech qanday murojaatsiz to‘lab beriladi.

Ushbu to‘lovlarni moliyalashtirish uchun joriy yilda respublika budjetidan qo‘shimcha ravishda 36,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi qayd etildi.