O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Shaxmat federatsiyasida davlat budjetidan shaxmatni rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi va ehtimoliy korrupsiya holatlarini tekshirmoqda. Agentlik ushbu sportning boshqa yo‘nalishlarida ham budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini o‘rganmoqda.

Ushbu xabar 27 yanvar kuni Kun.uz federatsiya o‘z ixtiyoridagi 2015 yilda ishlab chiqarilgan Malibu avtomobilini direktori Husan Xudoyqulovich Turdialiyev bo‘lgan Markaziy Shaxmat Klubi kompaniyasiga 53,5 mln so‘mga sotgani haqida yozganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Husan Turdialiyev bir vaqtning o‘zida jamoatchilik asosida Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

Husan Turdialiyev. Foto: Olamsport.

Bundan tashqari, nashr ma’lumotlariga ko‘ra, shaxmat klubi ta’sischilaridan biri Jahongir Kamolov federatsiyaning IT-menejeri hisoblanadi.

Federatsiyadan narx amaldagi qonunchilikka asosan hisoblangan amortizatsiya ajratmasi hamda Shaxmat federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi qarori asosida belgilanganini ma’lum qilingan.

Foto: Kun.uz.

««O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi NNT bo‘lgani sababli o‘z faoliyatini qonunchilikka asosan mustaqil amalga oshirilishi sabab, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining saylangan va mustaqil faoliyat olib boradigan taftish komissiyasi tomonidan o‘rganilib tegishli xulosalar berilgan va yuqoridagi narxga baholangan», — deyiladi port tashkiloti izohida.

Shuningdek, Kun.uz xabariga ko‘ra, federatsiya Markaziy Shaxmat Klubi MCHJga 2021 yil 12 yanvarida 1,76 mlrd so‘m va 14 yanvarida 100 mln so‘m, jami 1,86 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larni o‘tkazib bergan.

Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati ushbu mablag‘lar shaxmatni rivojlantirishga doir prezident qarori (PQ-4954) qabul qilinishi bilan federatsiyaga yuklatilgan qo‘shimcha vazifalarni bajarish uchun ajratilganini bildirgan. Jumladan, federatsiya go‘yoki o‘zining ayrim vazifalarini o‘z ta’sisligidagi kompaniyaga topshirgan va ushbu vazifalarni bajarish uchun Ijroiya qo‘mita qarori bilan tegishli mablag‘larni o‘tkazib bergan.

«Ushbu mablag‘lar na qaytarish sharti bilan va na beg‘araz asosda berilgan. Ushbu summa aniq vazifalarni amalga oshirish hamda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish uchun qat’iy nazorat ostida berilgan», — deyiladi federatsiya Kun.uz'ga taqdim qilgan javobda.

Federatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘lar bolalar uchun shaxmatdan video darslarni tasvirga olish va tayyorlash xizmatlari uchun fuqaro T.S.ga (525 mln so‘m), Central chess klub dasturini ishlab chiqqani uchun yana bir fuqaroga (250 mln so‘m), T.Turdialiyevaga dizaynerlik xizmatlari uchun 11,37 mln, Taxmina Turdialiyeva — Husan Turdialiyevning qizi), 3 dona Lenovo Ideapad 3 (Intel i5/DDR4 8GB, HDD 1000 GB + SSD 128 GB/ 15,6 FFHD TN/ 2GB GeForce MX330) noutbukidan sotib olishga 44,4 mln so‘m (ushbu noutbuklarning taxminiy bozor narxi 7 mln so‘m atrofida) va boshqa maqsadlarga sarflangan.

Federatsiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev Malibu shaxmat klubiga sotilgan vaqtda kompaniya federatsiya tarkibida bo‘lganiga aniqlik kiritdi.

«Keyinchalik, „Markaziy shaxmat klubi“ alohida MCHJ bo‘lib ajralib chiqqan bo‘lsa-da, federatsiya tarkibida bo‘lgan vaqtidagi rahbari — Husan Turdialiyev ko‘p yillik tajribasi inobatga olinib, ushbu lavozimda ham qoldirilgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda avtomobil federatsiya binosida turibdi, «uni hech kim shaxsiy maqsadlarda ishlatmayapti».

Sunnatullo Bozorboyev federatsiyada bor-yo‘g‘i 8 xodim ishlashi, federatsiya rahbari va uning o‘rinbosarlari jamoatchilik asosida ishlashini ma’lum qildi.

«Ularning asosiy boshqa ish joylari bor. Katta turnirlarni tashkil qilish va o‘zimizga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarishga imkonimiz yetmagani uchun „Markaziy shaxmat klubi“ MCHJ tashkil etilgan hamda bu tashkilotga aniq vazifalarni bajarish uchun qat’iy nazorat ostida mablag‘lar berilgan», — deya qayd etdi u.

Shaxmatchilarning noroziligi

Sergey Kayumov (chapda). Foto: ijtimoiy tarmoqlar.

Xalqaro grossmeyster Sergey Qayumov «O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidan Husan Turdialiyevning shaxsiy firmasiga katta mablag‘ o‘tkazilgani»ni bilgach, «hech narsadan ajablanmaganini» aytdi.

«Husan Turdialiyevni oxirgi yigirma yildan beri bilgan holda va uning o‘z fikriga ega bo‘lgan yoxud shaxmat federatsiyasini tanqid qilgan shaxslarni qo‘rqitish yoki bir necha yilga yoki bir umrlik diskvalifikatsiya qilish, shuningdek, unga kerak bo‘lmagan odamlarni imkon qadar yo‘ldan olib tashlashga intilib, uning bosimi ostida militsiya chaqirish va qo‘rqitish kabi ish uslublaridan xabardor bo‘lgan holda hech narsaga hayron bo‘lmadim. Chunki bu qonunbuzarlik va Turdialiyev Husanning to‘liq diktaturasi qariyb 20 yildan beri davom etib kelmoqda», — dedi u 27 yanvardagi videomurojaatida.

Shu bilan birga, shaxmatchi Shaxmat federatsiyasiga yangi rais, bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning kelishi bilan ulkan o‘zgarishlar va yaxshilanishlarni ko‘rish mumkinligini ta’kidladi.

«Va mana endi bizda ham yaqin kelajakda Husan Turdialiyevning qonunsizlik va diktaturasiga barham topishiga katta ishonch bor. Umid qilamanki, tegishli idoralar [direktori] Husan Turdialiyev bo‘lgan „Markaziy shaxmat klubi“ MCHJ faoliyatini qonuniy yo‘l bilan tekshirib, uning shaxsiy shirkatiga boshqa pul tushish manbalarini aniqlab beradi», — dedi Sergey Qayumov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan katta mablag‘lar «kerakli joylarga yetib bormagan».

Sergey Qayumov avvalroq DXXning (sobiq MXX) iste’fodagi generali Husan Turdialiyev 2018 yilda uning onasi, FIDE ustasi va xalqaro arbitr Irina Qayumovani federatsiyani tanqid qilgani uchun uch yilga, so‘ngra butun umrga diskvalifitsiya qilganini aytgandi.

Gulruhbegim Tohirjonova. Foto: ijtimoiy tarmoqlar.

Shaxmat federatsiyasi bilan mojarodan so‘ng AQSh terma jamoasida o‘ynay boshlagan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova ham Husan Turdialiyevni terma jamoani tark etganlikda aybladi.

«Ha, haqiqatdan ham mening ketishimga Husan Turdialiyev va uning xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Birinchidan, men va opa-singillarimga (Xulkar Tohirjonova va Nafisa Mo‘minova — tahr.) terma jamoa safida O‘zbekiston sharafini himoya qilishimizga ruxsat berilmadi, bizda musobaqalarda bir vaqtning o‘zida yurt sharafini himoya qilish imkoni yo‘q edi. Moliyaviy nuqtai nazardan, federatsiya 15 yil davomida bizni hech qanday tarzda qo‘llab-quvvatlamadi», — dedi u Olamsport e’lon qilgan videomurojaatida.

Gulruhbegim Tohirjonovaning aytishicha, Aziz Abduhakimov Shaxmat federatsiyasi raisligiga kelganidan keyin ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda: yirik sovrinli turnirlar tashkil etilib, shaxmatga munosabat va qiziqish o‘zgarib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«O‘z vatanim sharafini himoya qilishdan juda xursand bo‘lardim, ammo hozirgi sharoitda shaxsiy rivojlanish uchun mamlakatni tark etishga qaror qildim. Agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, albatta, qaytib kelib, vatanim sharafini himoya qilaman», — dedi u.

Xulkar Tohirjonova 2021 yil boshida shaxmatchi opa-singillar va Shaxmat federatsiyasi o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar Husan Turdialiyevning qizi Taxmina Turdialiyevaning ham shaxmatchi ekanligi bilan bog‘liqligi haqida xabar bergan edi.

«Muammolarimiz 2000-yillarda boshlangan. Chunki u bilan bir yosh toifasida o‘ynaganmiz. Har doim undan yutib olardik va hech qachon kelishuv asosida yutqazib bermaganmiz. Kimdir unga ochkolarini berdi, lekin biz bermadik. Hammasi shundan boshlandi», — dedi u.

«Oltin baliqcha emas»

Javohir Sindarov. Foto: Reddit.

O‘tgan yil boshida 16 yoshli xalqaro grossmeyster Javohir Sindarov ham (u bu me’yorni 12 yoshida bajargan, 2018 yilda shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterga aylangandi) «Daryo»ga bergan intervyusida sohadagi vaziyat o‘zgarmasa, federatsiyani tark etishi haqida ogohlantirgan edi.

Federatsiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev uning so‘zlariga izoh berar ekan, 2021 yil 12 yanvar kuni «federatsiya oltin baliqcha emas, jamoat tashkiloti», deb ta’kidladi. Xuddi shu kuni «Markaziy shaxmat klubi»ga 1,76 mlrd so‘m o‘tkazib berildi.