Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 31 yanvar oqshomida «Kinoteatr» davlat telekanali tomonidan namoyish etilgan «Baunti» filmining ochiq-oydin sahnalari ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinganiga munosabat bildirdi.

«Holat yuzasidan prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish ishlari Agentlik tomonidan nazoratga olinib, ekspertlar tayinlandi», — deyiladi xabarda.

O‘rganish yakunlari yuzasidan tayyorlangan xulosa asosida «Kinoteatr» telekanaliga taqdimnoma hamda Bosh prokuraturaga huquqiy baho berish uchun ma’lumot kiritilishi ma’lum qilindi.

«Baunti» — 1984 yilda Rojer Donaldson tomonidan suratga olingan dengiz sarguzashtlari haqidagi film. Syujet real voqealar va Richard Xyuning «Kapitan Blay va janob Kristian» romaniga asoslangan. Bosh rollarda Mel Gibson, Entoni Xopkins va Edvard Foks o‘ynagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Sevimli telekanalidagi «Sabriya» teleserialida efirga ketgan ahloqsizlik sahnalari ko‘pchiliknig e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Buning ortidan AOKA o‘rganish oli bordi va natijada Sevimli telekanali bosh direktori va bosh muharriri ishdan bo‘shatildi.