Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Baliqchi tumanida IIB xodimlari mahallaning uyushgan jinoiy to‘daga aylangan fuqarolari tomonidan toshbo‘ron qilingani tavsirlangan video tarqaldi.

Lavhada bir qancha fuqarolar xonadonning yashash binosiga qarata tosh otayotgani, ichki ishlar xodimlari esa ularni tartibga chaqirayotgani aks etgan. Biroq, xonalar oldida xodimlar turganiga qaramasdan odamlar tosh otishda davom etgan.

Andijon viloyati IIB vaziyatga izoh berar ekan, voqea Baliqchi tumani A’lam MFYda sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu mahallada yashovchi fuqaro A.B tuman Suvoqava tashkilotiga tegishli bo‘lgan suv qazib chiqarish inshooti va hududini o‘zining tomorqasiga noqonuniy qo‘shib, devor bilan o‘rab olgan.

«Suv inshooti nosoz holga kelganda, ta’mirlash uchun kelgan fuqarolarni bu hududga o‘tishga to‘sqinlik qilayotganligi uchun mahalla aholisi bilan ushbu oila o‘rtasida nizo yuzaga kelganligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Ish FIB Izboskan tuman sudida 2021 yilning 28 mayida ko‘rib chiqilgan va mahalla aholisi foydasiga hal etilgan. Ushbu noqonuniy qurilgan binoni buzish uchun sud tomonidan muddat belgilangan.

MIB hamda tuman mutasaddi rahbarlari tomonidan ushbu qarorga asosan A.B.ga noqonuniy qurilishni buzish kerakligi tushuntirilgan bo‘lsada, u tomonidan bunga qarshilik qilinib, devor buzilmaganligi aytilmoqda.

28 yanvar kuni MIB xodimlari sud qaroriga asosan A.B.ning xonadoniga ijro uchun borganida A.B va uning birga yashovchi o‘g‘li R.Sh, kelini Y.G.lar bilan mahalla aholisi o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Buning oqibatda mahallada yashovchi bir necha fuqarolar tomonidan A.B.ning devoriga tosh otilgan va bu holat darhol IIB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.

«Otilgan toshlar u yerda bo‘lgan IIB yoki boshqa mutasaddi tashkilot xodimlarga yoxud fuqarolarga qaratilmagan va ularga tegmagan», — deyiladi vazirlik izohida.

Mazkur holat yuzasidan Baliqchi tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshiruv yakuniga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlangan taqdirda, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.