Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti poytaxt binolari yoshini aniqlashga yordam beradigan interfaol xaritani ishga tushirdi. Bu haqda poytaxt matbuot xizmati xabar berdi.

Age Tashkent loyihasidan foydalanish uchun foydalanuvchi xaritada o‘zini qiziqtirgan binoni topib, ustiga sichqonchani olib borish orqali binoning qurilish sanasi, turi (turar joy binosi, ma’muriy bino) va boshqa ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Binolar qurilgan yiliga qarab, rang-barang tarzda ko‘rsatilgan. Ekranning o‘ng qismida berilgan diapazondagi, masalan, 1944 va 1998 yillar oralig‘ida qurilgan binolarni ko‘rsatib turuvchi «gradusnik» joylashgan. Qadimiy binolar to‘kiluvchi materiallar, somon va loy rangida ifodalangan, chunki bu davrda qurilishda ushbu materiallardan foydalanilgan. Sobiq SSSR davrini olovrang va qizil rang aks ettirsa, 1966 yildagi yer qimirlashidan keyin paydo bo‘lgan metro ko‘k rangda namoyon bo‘ladi. Mustaqillik yillariga och havorang belgi bo‘lsa, yangi O‘zbekiston davri yashil rangda bo‘yalgan.

Ekranning chap qismidagi «Sirli xona» qulf belgisiga bosib, Toshkentning chegaralarini yilidan kelib chiqib ko‘rish mumkin. Unda barcha tumanlar, shahar atrofidagi qal’a devori, 12 ta darvoza, shuningdek, madaniy meros obyektlarining arxeologik hamda ko‘chalarning zamonaviy nomlari ko‘rsatilgan.

Binoning yoshi yoki boshqa ma’lumotlarida xatolik topgan foydalanuvchilar u haqida qayta aloqa orqali ma’lumot berishlari mumkin.

Qurilmalar yoshini vizuallashtirish loyihasini Niderlandiyada ishlab chiqilgan, so‘ngra Yevropa va Rossiyada keng tarqalgan Building Age Maps chellenji ilhomlantirdi. O‘zbekiston — binolar yoshini ko‘rsatuvchi bunday interaktiv karta paydo bo‘lgan ilk Markaziy Osiyo mamlakatidir, deya ta’kidlagan hokimlik axborot xizmati.