Adliya vazirligi shovqinning salbiy oqibatlariga qarshi kurashishni yanada chuqurroq va aniq tartibga solish uchun qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishni taklif qilmoqda, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

«Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan milliy qonunchilik hamda joriy amaliyotni o‘rganish natijalari fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda

Bugungi kunga qadar mamlakatda zararli shovqin ta’siriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan, deya qayd etdi Adliya vazirligi.

Jumladan, «Avtomobil transporti to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.

Hozirda, «tungi vaqt» bo‘yicha yagona tushuncha mavjud emas, deyiladi vazirlik xabarida. Masalan, ushbu vaqt Mehnat kodeksining 122-moddasiga muvofiq — soat 22:00 dan 06:00 gacha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga muvofiq — 23:00 dan 06:00 gacha, «Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi xududlarida ruxsat etiladigan shovqin me’yorlaridan oshmasligini ta’minlashga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari va normalari»ga muvofiq esa — 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilanan.

«Shuningdek, ushbu sohada ma’lum ilmiy izlanishlar mavjud emasligini ham ta’kidlash zarur. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida shovqin sohasida faqat bitta keng qamrovli tadqiqot o‘tkazilgan», — deb qo‘shimcha qildi Adliya vazirligi.

Bir necha xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurash maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Yaponiyada 1968 yilgi «Shovqinni tartibga solish to‘g‘risida», AQShda 1972 yilgi «Shovqinni nazorat qilish to‘g‘risida», Buyuk Britaniyada 1996 yilgi «Shovqin to‘g‘risida» qonunlar mavjudligi aytildi.

Germaniyada transport harakati shovqiniga qarshi kurashda yo‘llar chetidagi shovqin darajasini aniqlash uskunalaridan faol foydalaniladi.

Fransiyada avtomatik foto-videokameralar shovqin darajasi kuchli bo‘lgan avtomashinani tanib olish, avtomatik ravishda suratga olish va uning raqamini o‘qish qobiliyatiga ega shovqin radarlari bilan jihozlangan, ushbu tizim avtotransport egasiga jarima to‘lash zarurligi haqida xatni avtomatik ravishda yuboradi.

Adliya vazirligi tomonidan shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashish sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar ham ma’sul idoralarga taqdim etildi. Shuninngdek, vazirlik rivojlangan xorijiy davlatlar misolida avtomobil yo‘llarida shovqin balandligini o‘lchash asboblarini o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, vazirlik belgilangan darajadan ortiq shovqin ta’siri uchun tovon to‘lashning huquqiy mexanizmini yaratishni taklif qilmoqda.

«Ushbu tashabbuslarning imkon qadar tezkorlik bilan amalga oshirilishi jamiyat hayotini yaxshilash, shovqinning salbiy ta’siriga barham berish, shuningdek, zararli mehnat sharoitlariga ega ishchilar hamda shovqin ta’siri mavjud noqulay hududlarda yashovchi aholi uchun adolatli kompensatsiya to‘lovlari joriy etilishiga xizmat qiladi», — deya xulosa qilgan Adliya vazirligi.