Bu hafta davomida O‘zbekiston bo‘yicha ob-havoning keskin o‘zgarishi kutilmaydi, deb habar bermoqda O‘zgidromet.

Bugun, 31 yanvar va 1−4 fevral kunlarida respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 2 fevralda janubiy hududlarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Bu vaqt davomida kuchsiz shamol esadi, kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi kuzatiladi.

Kechalari harorat 0…+5 daraja atrofida, ba’zi joylarda −2 darajada bo‘ladi. Shimoliy hududlarda hafta boshida −4 darajagacha sovuq tushishi mumkin.

Dushanbadan payshanbagacha kunduz kunlari havo harorati +5…+10 darajagacha iliydi. Ba’zi joylarda bu +12 gradusgacha borishi mumkin.

«Juma kuni yer bosimining keskin pasayishi boshlanadi va harorat +11…+14 darajagacha, janubda +15…+17 darajagacha ko‘tariladi», — deyiladi xabarda.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.