Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sportni ommalashtirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Hozirda 9309 ta mahalladan 763 tasida sport obyekti, 6 mingdan ortig‘ida esa kutubxona yo‘q. Shuningdek, 10130 ta maktabdan 2 mingdan ortig‘ida sport zali, 22 tasida kutubxona majud emas.

Prezidentga sport maskanlari va kutubxonalar barpo etish bo‘yicha 3 xil tipdagi loyiha taqdim etildi. Birinchisida kitob jovonlari va sport qurilmalari o‘rnatish, ikkinchisida ochiq sport maydonlari hamda uchinchisida yopiq inshootlar barpo etish nazarda tutilgan.

«O‘zbekiston 24» videosidan lavha.

Davlat rahbari bu loyihalarni ma’qullamay, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

«Tasavvur qilinglar: qishloqlarda oddiy odamlarga nima kerak, yoshlarga nima kerak? Bolalar kechqurun nima o‘ynaydi? Yoshi kattalar qayoqqa borib, suhbatlashadi? Shularni o‘ylab, xalqimiz xohishini inobatga olib, loyiha qilish kerak. Masalan, mahallada maktab, stadion bor. Shuning yonida sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka uchun joylar tashkil etish mumkin. Bunga kerak hamma narsa o‘zimizda ishlab chiqarilayapti», — dedi u.

Shu joylarda kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom qursa bo‘ladi, deya ta’kidladi prezident.

«Kelgusida shifokor punktlarini ham joylashtirish mumkin. Umuman, bu orqali ham xizmatlar rivojlanadi, ham odamlar rozi bo‘ladi. Har bir mahallaning mana shunday iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi bo‘lishi kerak, u yerda hayot qaynashi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari loyihani takomillashtirish, mahalla markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyoz beriladi va evaziga ijtimoiy mas’uliyat yuklanadi. Kunning ma’lum soatlari mahalla yoshlari uchun tekinga ajratiladi. Egasi bo‘lgani uchun tadbirkor ham daromad topadi, majmua ham qarovsiz qolmaydi.