2021 yilda O‘zbekiston 26 ta xorijiy davlatlardan 27 mingdan ortiq yengil avtomobil import qildi. Bu Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida aks etgan.

Mamlakatga olib kirilgan avtomobillarning umumiy qiymati 588,2 mln dollarni tashkil etdi. O‘tgan yili 2020 yilga qaraganda 1348 ta ko‘p avtomobil import qilingan.

2021 yilda O‘zbekistonga olib kirilgan «inomarka» larning qariyb 33 foizi Xitoy, 24 foizi esa Janubiy Koreya hisobiga to‘g‘ri kelgan. Rossiya va Qozog‘iston birgalikda O‘zbekistonga import qilingan avtomobillarning 33 foizini yetkazib bergan.

Davlatlar yetkazib bergan avtomobillar soni quyidagicha:

  • Xitoy — 8 880 ta
  • Janubiy Koreya — 6 472 ta
  • Rossiya — 4 539 ta
  • Qozog‘iston — 4 470 ta
  • Polsha — 1 204 ta
  • AQSh — 490 ta
  • Litva — 428 ta
  • Tailand — 250 ta
  • Germaniya — 115 ta
  • Yaponiya — 97 ta

Bundan tashqari, 2021 yilda mamlakatda jami 236,6 mingdan ziyod yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.

Eksport

2021 yilda O‘zbekiston 10 davlatga qiymati 281,8 mln dollariga teng bo‘lgan qariyb 29 mingta yengil avtomobillar eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 10401 taga oshgan. 2021 yilda O‘zbekiston eksportining 93 foizi Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Avtomobillar quyidagi davlatlarga eksport qilingan:

  • Qozog‘iston — 26 970 ta
  • Ukraina — 929 ta
  • Rossiya — 456 ta
  • Ozarbayjon — 277 ta
  • Afg‘oniston — 128 ta
  • Qirg‘iziston — 94 ta
  • Tojikiston — 88 ta.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda O‘zbekistonga qiymati 16,9 mln dollarga teng bo‘lgan 809 ta elektromobil import qilingani haqida xabar berilgandi. Ularning 90 foizi Xitoydan olib kelingan. Elektromobillar importi 2020 yilga nisbatan 679 taga yoki 6,2 baravarga oshgan.

Qolaversa, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekiston eksport qilgan yengil avtomobillarning 94,47 foizi Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelgani haqida ma’lum qilingan yedi.