Adliya vazirligi qonunchilikda yoqimsiz hidlar va ularni tartibga soluvchi normalar o‘z aksini topmaganligi sababli huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Vazirlik qayd etishicha, «mamlakatda atmosfera havosini ifloslanganlik darajasi xalqaro miqyosda ham yuqoriligicha qolmoqda».

Havo sifatini monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi «AirVisual» xalqaro tashkiloti xabariga ko‘ra, O‘zbekiston 2018 yilda havosi eng ko‘p ifloslangan davlatlar reytingida 16-o‘rinni (34.3 µg/m³) egallagan. Keyingi ikki yil davomida bu ko‘rsatkich faqat 2 pog‘onaga yaxshilangan (18-o‘rin, 29.9 µg/m³) xolos.

Ma’lumot o‘rnida: reytingning 2018 yilgi hisobotida 73 ta davlatlar qayd etilgan bo‘lib, eng ifloslangan havoga ega davlatlar ro‘yxatida Bangladesh (1-o‘rin), Pokiston (2-o‘rin) va Hindiston (3-o‘rin) yetakchilik qilib, Avstraliya, Finlyandiya hamda Islandiya davlatlari eng toza havoga ega mamlakatlar deb topilgan. Reyting tuzuvchilarning ta’kidlashicha, har yili havo ifloslanishi tufayli tahminan 7 mln kishi vafot etadi, shuningdek, bu holat jahon iqtisodiyotiga har yili 225 mlrd dollarlik zarar yetkazadi.

Nima uchun yoqimsiz hidlar bizni «xavotirga solishi» kerak?

Atmosfera havosiga, aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan muammolardan biri bu — zararli va yoqimsiz hidlardir.

Hidlar kimyoviy moddalarning burun bo‘shlig‘idagi retseptorlarni qo‘zg‘atishi natijasida paydo bo‘ladigan hislar sifatida talqin qilinadi. Atrof-muhitda seziladigan hidlar konsentratlarning aralashmasidan iborat bo‘lib, uchuvchan kimyoviy birikmalar hisoblanadi.

«Shu sababli hidlar bizni kayfiyatimizga, ish faoliyatimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Hidlarning emotsional xususiyati ham insonlarning xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Ularning insonlar kayfiyatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir qilishi, albatta, hidlarning yoqimli yoki yoqimsizligiga bog‘liq. Masalan, ertalabdan gulning, atirning iforli hidi insonlarga kun bo‘yi yaxshi kayfiyat bag‘ishlasa, maishiy chiqindilardan chiqayotgan yoqimsiz hidlar aksincha kayfiyatimizni buzadi», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, «yoqimsiz hidlar ko‘z, burun va tomoqni tirnash xususiyatiga ega bo‘lib, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, diareya, ovozning xirillashi, tomoq og‘rig‘i, yo‘tal, ko‘krak qafasidagi siqilish, burun tiqilishi, nafas qisilishi, stress, uyquchanlikni keltirib chiqaradi».

Shuningdek, yoqimsiz hidlar bilan bog‘liq murojaatlar statistikasi yuritilmasada, so‘nggi paytlarda OAVlarda aholi yashash hududlarida sanoat korxonalari tomonidan yoqimsiz hid manbai bo‘lgan chiqindilar atrof-muhitga chiqarilayotganligi, bu maishiy turmushda turli noqulayliklarni, va hatto aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sirlarni yuzaga keltirayotganligi haqidagi fuqarolarning shikoyatlari ko‘paymoqda, deyiladi xabarda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021 yil 1 yanvar holatiga sanoat va qurilish sohasidagi korxona va tashkilotlar soni 124 489 tani (ulardan 83 539 tasi sanoat korxonalari) tashkil etgan. «Ularning asosiy faoliyati ishlab chiqarish (qayta ishlash) ekanligini hisobga olsak, yoqimsiz hidlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan manbalar tomonidan atmosfera havosiga chiqarilayotgan turli xil zararli va o‘tkir hidli chiqindilar hajmi ham shunga ko‘ra ortadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Amaldagi qonunchilik

O‘zbekistonda atmosfera havosi sifati «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. Biroq, ushbu qonunda atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalar belgilangan, yoqimsiz hidlar masalasi nazarda tutilmagan.

Sanitariya qoidalari va normalarida esa atmosfera havosiga zarar yetkazuvchi korxonalar faoliyatiga oid normalar belgilangan. Jumladan, «Aholi yashash joylarida atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha» sanitariya qoidalari va normalarida (SanPiN 0350−17-son) sanoat xavfi, atmosfera havosining zararlanish manbai bo‘lgan texnologik jarayonlar asosida faoliyat yurituvchi korxonalar, ularning alohida binolari va inshootlarining atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida sanitar-himoya zonalari belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida: sanitar-himoya zonalarning 5 toifasi: I toifa — 1000 m, II toifa — 500 m, III toifa — 300 m, IV toifa — 100 m, V — 50 m, mavjud bo‘lib, bunday zonalar muayayn turdagi korxonalarning shu zona hududida faoliyat yuritishini nazarda tutadi.

«Lekin mazkur qoidalarda ham aynan yoqimsiz hidlar va ularni tartibga soluvchi normalar o‘z aksini topmagan. Shu sababli atrof-muhitni zararlovchi (ifloslantiruvchi) chiqindilar bilan bir qatorda, hid ta’sirining ruxsat etilgan maksimal darajasini huquqiy tartibga solish zaruriyati mavjud», — deya qayd etdi Adliya vazirligi.

Xorijiy davlatlar tajribasi

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy davlatlarda yoqimsiz hidlarga qarshi huquqiy mexanizmlar yaratilgan. Masalan, Yaponiyada yoqimsiz hidlar bilan bog‘liq munosabatlar 1972 yilda qabul qilingan «Yoqimsiz hidlarni nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun («Offensive Odor Control Law») bilan tartibga solinadi. Fransiyada AFNOR X-43−101, Niderlandiyada NVN 2820 standartlari mavjud. Germaniyada esa «Havo sifatini nazorat qilish bo‘yicha texnik yo‘riqnoma» (Technical Instructions on Air Quality Control) amal qiladi. AQShda yoqimsiz hidlarga qarshi kurash shtatlar qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

«Yoqimsiz hidlarlarning atrof-muhitga, insonlar salomatligiga salbiy ta’siri, shuningdek, aholi va sanoat korxonalari sonining o‘sishi, shaharlarning kengayib borishi mamlakatimizda ham yoqimsiz hidlarga qarshi samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish zaruriyatini keltirib chiqaradi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu turdagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish orqali yoqimsiz hidlarlarning atrof-muhitga ta’siri oldi olinadi, maishiy turmushda hidlar tufayli yuzaga keladigan noqulayliklar bartaraf etiladi. Pirovardida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun zararsiz atmosfera havosiga ega bo‘lish huquqlari ta’minlanadi.

Shundan kelib chiqib, Adliya vazirligi tahlil natijalari va bu borada ishlab chiqilgan takliflar ularni amaliyotga tatbiq maqsadida ma’sul idoralarga kiritilganini ma’lum qildi.