Prezidentning 29 yanvardagi «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-107-son] qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish maqsadida quyidagi tartiblar joriy etiladi:

  • ma’muriy sudlarga dalillarni yig‘ish majburiyati yuklanadi, huquqi buzilganlarga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyatidan foydalanish sharoiti yaratiladi;
  • davlat organlari qarorlari natijasida yetkazilgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqi beriladi;
  • ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari tomonidan ijro qilinmaganda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qo‘llanadi.

Endilikda arizalarni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli rad etish yoki ish yuritishni tugatishi taqiqlanadi. Shuningdek, arizalar sudga taalluqli bo‘lmaganda ularni ko‘rib chiqish vakolatli sudga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, qarorda bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik sudga taalluqli bo‘lganda ularni birlashtirish taqiqlanishi belgilandi.

Avvalroq, prezident qarori bilan 1 maydan surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini raqamlashtirish va ishni sudga qadar yuritish bo‘yicha «Elektron surishtiruv va dastlabki tergov» axborot tizimi joriy etilayotgani haqida xabar berilgandi. Tizimdagi jismoniy va yuridik shaxslarga oid ma’lumotlar surishtiruv va tergov organlarining so‘roviga ko‘ra taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin «Gazeta.uz» 2022 yil 1 fevraldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etgandi.