2021 yilda O‘zbekiston bo‘yicha 691,9 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga (614,9 ming) nisbatan 12,5 foizga ko‘paygan. Shundan 28,1 foizi yoki 194,4 mingtasi yangi yengil avtomobillar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, 2021 yilda mamlakatda jami 236,6 mingdan ziyod yengil avtomobil, 1003 dona avtobus, 3979 dona yuk avtomobillari hamda 213 dona traktor ishlab chiqarilgan.

Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi


Qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan global mikrochip tanqisligi tufayli 2021 yil yanvar-noyabr oylari davomida oyiga 12−20 ming dona yangi yengil avtomobillar yetkazib berilgan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib ushbu ko‘rsatkich 27,2 minggacha oshgan.

Yilning so‘nggi oyida avtomobillarga bo‘lgan talabning pasayishi kuzatildi. 2020 yilning dekabriga nisbatan shartnomalar soni 7 foizga kamaydi, biroq 2019 yil darajasidan 2,3 foizga yuqori bo‘lib qoldi.

Avtomobillar xaridi bo‘yicha hududlar kesimida yillik eng yuqori o‘sish sur’atlari Samarqand (30,9%), Surxondaryo (29,4%), Namangan (27,9%) viloyatlari va Toshkent shahrida (19,9%) kuzatilgan.

Navoiy (9,7%), Sirdaryo (9,4%), Toshkent (3,2%) viloyatlarida esa bu ko‘rsatkich pasaygan.

2021 yilda birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori


O‘tgan yilda oldi-sotdisi bo‘lib o‘tgan avtomobillarning qariyb 31 foizi (214 mingtasi) birlamchi bozorda amalga oshirilgan.

“Inomarka"lar savdosi

2021 yilda O‘zbekistonda sotilgan yengil avtomobillarning 13,6 mingtasi yoki 7 foizi “inomarka"lar (chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar) bo‘lgan. 2021 yilda “inomarka"lar savdosi oshib bordi. Yilning birinchi yarmida 4,7 ming dona shu turdagi yengil avtomobillar sotilgan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda savdo hajmi 8,9 minggacha (1,9 barobar ko‘p) yetdi.

2021 yilning yanvar-dekabr oylarida mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ulushi


Chet elda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning asosiy qismi Toshkent shahrida (58,4%) sotilgan. Bunday avtomobillarning sotilishi bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Farg‘ona (12,4%), Toshkent (7%) va Samarqand (4,7%) viloyatlari egallagan.

Eng kam oldi-sotdi operatsiyalari Surxondaryo (0,5%) va Sirdaryo (0,7%) viloyatlarida kuzatildi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” 2021 yilda O‘zbekiston 26 ta xorijiy davlatlardan umumiy qiymati 588,2 mln dollarga teng 27 mingdan ортиқ yengil avtomobil import qilgani haqida xabar bergan edi. Avtomobillar asosan Xitoy va Janubiy Koreyadan olib kelingan. Eksport qilingan avtomobillar soni esa 29 mingga yetdi, shundan 93 foizi Qozog‘istonga yetkazib berilgan.