Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.


Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgan birinchi kundan Islom Karimovning ezgu ishlari davom ettirilishini aytgan edi, uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qildi, maqbarasi barpo etildi. Birinchi prezident tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash an’anaga aylandi, deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosimda Qur’on oyatlari tilovat qilindi. Islom Karimovning xalq manfaati yo‘lida qilgan ishlari, mardlik, odillik, kamtarinlik hislatlari yodga olindi.
Marosimda Oliy Majlis palatalari, prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.