«Gazeta.uz» 2022 yil 1 fevraldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Baliq yetishtiruvchilarning foyda, yer va mol-mulk soliqlari 50 foizga kamaytiriladi

Prezidentning [PQ-83-son] qaroriga muvofiq, 1 fevraldan fuqarolaro‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Qolaversa, ushbu sanadan boshlab 2025 yilning 1 yanvarigacha baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 80 foizidan ortig‘ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan subyektlar uchun foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

2. Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha reyting joriy qilinadi

Prezident [PQ-81-son] qarori bilan 1 fevraldan eksperiment tariqasida o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha reyting baholash tizimi joriy qilinadi. 2022 yil 1 iyuldan esa barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

3. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi

Prezident [PQ-57-son] qaroriga ko‘ra, 1 fevraldan boshlab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda barcha hududlardagi kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha har chorakda qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi.

Bunda, qisqa muddatli kurslarning o‘quv dasturlari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni inobatga olgan holda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati hamda O‘zbekiston karlar jamiyati bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

4. S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga 2 yil davomida ustama to‘lanadi

Hukumat [34-son] qarori asosida 1 fevraldan ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumta’lim muassasalarda (sinflar) ishlayotgan S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab 2 yil davomida ustama to‘lanadi. Bunda ustama o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida bo‘ladi.

Bunda rus tili bo‘yicha Test of Russian as a Foreign Language (TORFL) xalqaro sertifikatining C1 darajasi, «Test po russkomu yazыku kak inostrannomu» (TRKI) xalqaro sertifikatining TRKI 3 darajasi, «Test po russkomu yazыku kak inostrannomu» xalqaro sertifikatining S1 darajasi hamda Common European Framework of Reference (CEFR) metodikasi bo‘yicha S1 darajadagi sertifikatlar o‘zaro muvofiq hisoblanadi.

5. Elektron to‘lov cheklarida ham fiskal belgilarni majburiy aks ettirish talabi o‘rnatiladi

Prezident [PQ-5252-son] qarori bilan 2022 yil 1 fevraldan boshlab to‘lov tashkiloti, tijorat banklarining elektron to‘lov xizmatlari (shu jumladan mobil ilovalar orqali), shuningdek, elektron tijorat platformalari — «Marketpleys"-larning axborot tizimlari yordamida masofadan turib amalga oshirilgan savdo va pullik xizmatlar bo‘yicha tranzaksiya-larning («P2P», kredit to‘lovlari bundan mustasno) elektron cheklarida soliq organlari axborotlar tizimlariga integratsiyalashgan va avtomatik tarzda shakllanuvchi fiskal belgilarni majburiy aks ettirish talabi o‘rnatilsin.

6. Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga davlat budjetidan har oy qo‘shimcha transfertlar ajratiladi

Prezident [PF-52-son] farmoniga ko‘ra, moliya vaziri Timur Ishmetovga 2022 yil 1 fevraldan 2023 yil 1 yanvarga qadar Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har oyda 2,5 mlrd (jami 27,5 mlrd) so‘m miqdoridagi qo‘shimcha transfertlar Davlat budjetidan ajratilishini ta’minlash yuklatilgan.

7. Hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalariga ham mas’ul bo‘ladi

Prezident [PQ-76-son] qaroriga asosan 1 fevraldan boshlab viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tashkil etiladi.

Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi. VM apparati tuzilmasidaa 3 nafar xodimdan iborat bo‘lgan Ekologik nazorat bo‘limi tashkil etiladi.

8. Mahalliy farmatsevtlarga mahsulotlarni xorijda ro‘yxatdan o‘tkazish harajatlarining 75 foizi qoplab beriladi

Prezident [PF-55-son] farmoni muvofiq, 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi. Buning uchun ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etish kerak bo‘ladi.

9. Toshkent va Samarqand shaharlaridagi nodavlat ta’lim tashkilotlariga imtiyozlar beriladi

Hukumat [34-son] qarori bilan 2024 yil 1 yanvargacha Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:

  • bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish tartibi joriy etiladi;
  • vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarda faoliyatini amalga oshirganida ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno).