Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Sergeli tumani 300-maktab direktori Saidxodjayeva Nigora Ergashevnaga «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» faxriy unvon bilan mukofotladi.

Tegishli farmon 28 yanvar kuni qabul qilindi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Hujjatga muvofiq, Nigora Saidxodjayevaga «faxriy unvon xalq ta’limi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodni ezgu g‘oyalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, jonajon Vatanimiz va xalqimizga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalash, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar qalbida ilm-fan va bilimga intilish, mehnatsevarlik va bag‘rikenglik ko‘nikmalarini shakllantirish va mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun berildi».