27 yanvar kuni Toshkent shahrida 302 ta tadbirkorlik subyekti va 15 ta budjet tashkilotida koronavirusga qarshi emlanish holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda SSVga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.

Tekshiruvlar davomida 202 nafar xodim vaksina olmagani aniqlanib, vaqtinchalik ishdan chetlatilgan.

Bundan tashqari, 196 ta tadbirkorlik subyekti rahbariga ogohlantirish xatlari yuborilib, karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan kafolat xatlari olingan.

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov 15 yanvardan tashkilotlarning emlanmagan ishchilari masofaviy ishlashga yuborilishini ma’lum qilgandi.

Qolaversa, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati 2021 yilning 1 oktabridan 2022 yil 18 yanvargacha respublika bo‘yicha 56 mingdan ko‘proq budjet va xo‘jalik yurituvchi tashkilotlarda tekshiruvlar o‘tkazgani haqida yozgandik. Natijada emlanmagan 41 179 nafar ishchi-xodim vaqtincha ishdan chetlatilgan, 4 139 ta holatda esa ish beruvchi jarimaga tortilgan.