Tashqi savdo defitsiti tashqi savdo aylanmasi tarkibida import hajmining eksport hajmidan ko‘proq ekanligini ifodalaydi. Boshqacha aytganda, bunda mamlakat boshqa davlatlarga sotayotgan tovar va xizmatlarining umumiy qiymati boshqa davlatdan sotib olayotgan tovar va xizmatlarining umumiy qiymatiga qaraganda kamroq bo‘ladi. Tashqi savdo defitsitining o‘sishi yoki umuman mavjudligi mamlakatdan chet el valyutasining oqib chiqib ketishiga sabab bo‘lganligi tufayli ko‘plab mamlakatlar uni kamaytirish choralarini ko‘rishadi.

O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda tashqi savdo defitsiti keskin oshib bormoqda. Xususan, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 1,4 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 8,8 mlrd dollarga yetdi. 2017−2021 yillar oralig‘ida esa faqat bir yil tashqi savdo defitsitining hajmida pasayish kuzatilgan bo‘lib, bu butun dunyoda, jumladan, bizda ham inqiroz kuzatilgan 2020 yilda sodir bo‘lgan edi. Umuman olganda, inqiroz kuzatilgan yilni hisobga olmasa, O‘zbekistonning tashqi savdo defitsiti yildan-yilga oshib bormoqda. Xo‘sh, bu milliy iqtisodiyotimiz uchun qanchalik xatarli?

Nazariy jihatdan olib qaralganda, tashqi savdo defitsiti umuman xatarli emas. Bunday xulosani mamlakatimizda yuritilayotgan valyuta siyosati bilan izohlash mumkin. Ya’ni, hozirgi kunda mamlakatimizning valyuta siyosati «suzib yuruvchi» kurslarga asoslangan valyuta siyosati hisoblanadi. Boshqacha aytganda, valyuta kursi markaziy bank tomonidan belgilanmaydi, balki bozor muvozanati asosida shakllanadi.

Bunday holatda tashqi savdo defitsitining mavjudligi muammo tug‘dirmaydi. Sababi, bunday «suzib yuruvchi» valyuta kursi sharoitida tashqi savdo defitsiti oshsa — chet davlatlarga kamroq tovar va xizmatlar sotib, ko‘proq tovar va xizmatlar xarid qilayotgan bo‘lsak, bu chet el valyutasining mamlakatimizdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Mamlakatimizdan chet el valyutasining chiqib ketishi esa ichki bozorda chet el valyutasi taklifini kamaytiradi (albatta boshqa omillar, masalan, risklar yoki boshqa valyuta oqimiga ta’sir qiluvchi omillar o‘zgarmagan sharoitda). Natijada, har qanday bozorda kuzatilganidek, chet el valyutasi taklifining kamayishi uning narxi qimmatlashishiga yoki milliy valyuta kursining pasayishiga sabab bo‘ladi.

O‘z navbatida, milliy valyuta kursining pasayishi eksportga rag‘bat beradi. Masalan, milliy valyuta kursining 10% ga qadrsizlanishi amalda eksport tovarlarimizning chet el bozorida 10% arzonroq bo‘lishiga olib keladi hamda ularning raqobatbardoshligini oshiradi. Import mahsulotlari esa ichki bozorda 10% ga qimmatlashadi, natijada ichki bozorda ularning raqobatbardoshligi pasayadi.

Shunday qilib, valyuta kursi o‘zining oldingi muvozanat holatiga qaytmagunicha bu jarayon davom etadi. Uzoqroq muddatda esa valyuta kursi oldingi muvozanatga intiladi hamda, tabiiyki, tashqi savdo balansi ham o‘z muvozanatiga intiladi. Boshqacha aytganda, qandaydir sababga ko‘ra tashqi savdo defitsitining ortishi uzoq muddatda milliy valyutaning qadrsizlanishi natijasida yana muvozanat holatiga qaytadi.

Yuqoridagi holatdan ko‘rish mumkinki, tashqi savdo balansi tabiiy ravishda muvozanat holatiga intiladi (eksport hamda import teng bo‘lgan holatga). Lekin real hayotda bu jarayon yuqorida keltirilganidek yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. Chunki valyuta kursiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tashqi savdo balansidan boshqa omillar mavjud. Jumladan, chet eldan pul o‘tkazmalari, investitsiyalar yoki risklar holatining o‘zgarishi kabi omillar ham valyuta kursining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Bu omillarning barchasi bir vaqtda o‘zgarishi esa savdo defitsitining valyuta kursiga ta’sirini kamaytiradi va ba’zi holatlarda bu ta’sir hatto sezilmasligi mumkin.

Masalan, joriy yilda tashqi savdo defitsiti o‘tgan yilga nisbatan 2,8 mlrd dollarga oshgan bo‘lsada, nominal valyuta kursining qadrsizlanishi yil davomida 3,4% ni tashkil etgan xolos. Lekin yuqorida keltirilgan misol nazariya amalda ishlamasligini anglatmaydi. Tashqi savdo defitsitining ortishi, boshqa shartlar o‘zgarmagan holatda, milliy valyuta kursiga salbiy ta’sir qiladi hamda uzoq muddatda savdo balansini muvozanat tomon intilishiga sabab bo‘laveradi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi savdo defitsitining oshishi yoki uning mavjud ekanligi muammo tug‘dirmasligiga import tarkibini o‘rganish orqali yana bir bora ishonch hosil qilish mumkin. Xususan, 2021 yilda import tarkibining 32,4% qismini mashina va asbob-uskunalar tashkil etgan. Ya’ni import tarkibining qariyb uchdan bir qismi mamlakatimizning ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladigan tovarlardan iborat. Bu tovarlar joriy iste’mol hajmidan ko‘ra kelajakdagi ishlab chiqarish hajmini ko‘proq oshiradi. To‘g‘ri, oxirgi yillarda import tarkibida mashina va asbob-uskunalarning ulushi kamayib bormoqda. Lekin uning hozirgi kundagi ulushi ham bir muncha yuqori hisoblanadi.

Tashqi savdo defitsitining hozirgi holati yoki uning oshib borayotganligi hukumatni tashvishga solishi tabiiy. Mening nazarimda, mana shu jihat biz uchun eng katta xatar. Ya’ni qaror qabul qiluvchilar tashqi savdo defitsitining oshishidan xavotirga tushib, savdoni cheklash choralarini ko‘rishi mumkin. Bu esa so‘nggi yillarda ko‘pchilikning orzusiga aylangan tashqi savdoning erkinlashuvini, eng kamida, yana ortga surishi mumkin.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, defitsitning ortishi aslida muammo emas, lekin uni muammo hisoblab, tashqi savdoni cheklashga urunish — bu haqiqiy ma’noda katta muammo bo‘ladi.

Chunki «suzib yuruvchi» valyuta kursi rejimida tashqi savdoni to‘sishga qaratilgan harakatlar tashqi savdo balansiga ta’sir qilmaydi. Tasavvur qiling, qaror qabul qiluvchilar tashqi savdo defitsitini muammo hisoblab, savdoga cheklovlarni oshirdi. Bu import hajmini kamaytiradi, natijada ichki bozordagi chel el valyutasining taklifi oshadi. Bu holat, o‘z navbatida, chet el valyutasining arzonlashishi yoki, boshqa tarafdan, milliy valyuta kursinining oshishiga olib keladi.

Masalan, avval 100 dollarni 1 mln so‘mga sotib olgan bo‘lsangiz, endi uni 950 ming so‘mga sotib olishni boshlaysiz. Bu eksportga qanday ta’sir qiladi? Milliy valyuta kursining oshishi tashqi bozorda mamlakat eksport tovarlari va xizmatlarining qimmatlashishiga olib keladi. Ya’ni 1 mln so‘mlik tovar yoki xizmatni avval tashqi bozorda 100 dollardan sotgan bo‘lsangiz, endi uning narxi 105 dollardan ziyodga oshadi. Bu uzoq muddatda eksport hajmining ham kamayishiga sabab bo‘ladi.

Boshqacha aytganda, tashqi savdoga o‘rnatilgan to‘siqlar tashqi savdo aylanmasini kamaytirsada, tashqi savdo balansiga ta’sir qilmaydi. Ya’ni, aslida, tashqi savdo defitsitini kamytirish maqsadida savdoni cheklashga urinish, (boshqa omillar o‘zgarmagan holatda) defitsitni kamaytirmaydi. Yuqorida bo‘lgani kabi, real hayotda boshqa omillar ta’sirida tashqi savdoga qo‘yilgan cheklovlar amalda tashqi savdo defitsitiga ta’sir qilishi mumkin (ammo bu ta’sir sezilarli bo‘lmaydi).

Haqiqatdan oxirgi yillarda tashqi savdo defitsiti oshib bormoqda. Bu jarayon ko‘pchilikni xavotirga solayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin «suzib yuruvchi» valyuta kursi rejimini tanlagan ekanmiz, tashqi savdo defitsitini kamaytirishga qaratilgan harakatlar, birinchidan, samarasiz bo‘lsa, ikkinchidan, judayam katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. O‘ylab ko‘ring, biz, tashqi savdo defitsitini kamaytirish maqsadida samarasiz qarorni qo‘llash orqali farovonlikni pasaytirishga rozimizmi?

Avvalo tashqi savdoni cheklashga qaratilgan harakatlar defitsitga ta’sir qilmaydi, ta’sir qilgan taqdirda ham uning ta’siri juda kichik bo‘ladi (hatto statistik xatolik darajasida). Lekin to‘siqlar zararining ko‘lami juda katta bo‘ladi. Boshqacha aytganda, qaror qabul qiluvchilarning tashqi savdo defitsitini pasaytirish uchun qo‘llaydigan choralari hammani kambag‘allashtiradi. Savdoni cheklashning kambag‘allashuvimizga ta’sirini aslida biz boshqalardan ko‘ra ko‘proq bilishimiz zarur. Chunki bu ta’sirni mustaqillikdan keyin to hozirgi kungacha o‘z tanamizda his qilmoqdamiz.

Tashqi savdo defitsitining oshishi bilan bog‘liq meni o‘ylantiradigan yagona jihat shuki, defitsitning oshishi savdoni cheklashga bo‘lgan harakatlarni kuchaytirishi mumkin. Umuman olganda, defitsitning oshishi uni kamaytirish uchun qabul qilinishi mumkin bo‘lgan istalgan choradan ko‘ra xatarliroq emas.

Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo‘nalishi magistranti.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.