Bugun, 28 yanvar kuni soat taxminan 12:00 larda yosh ayol boshqalarning ko‘z o‘ngida kichkina qizaloqni ayiqlar panjarasiga tashladi, deb xabar berdi Toshkent hayvonot bog‘i matbuot xizmati.

Ayolning maqsadi noma’lum, deyiladi xabarda.

«Zuzu laqabli Kavkaz qo‘ng‘ir ayig‘i o‘z volerida yotib olib, qizaloqni metall to‘siqdan ustidan otib yuborgan ayol harakatlarini kuzatdi. Mehmonlarimiz va xodimlarimizning urinishlariga qaramasdan, ayolni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmadi, u bolani yirtqichning voleriga otib yuborishga erishdi», — deyiladi hayvonot bog‘i xabarida.

«Zuzu ayig‘imiz sekingina zovurga tushib, qizaloqni hidlab ko‘rdi va undan uzoqlashdi. „Yirtqichlar“ bo‘limi xodimlari tez harakat qilishdi va ayiqni ichki xonaga chaqirishni boshlashdi, ayiq ham qarshilik ko‘rsatmasdan xonaga kirdi», — deya qayd etildi hayvonot bog‘idan.

Bola volerdan olib chiqildi va hayvonot bog‘ining hamshirasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Qizaloq yirtqich tishlari va panjalaridan emas, faqat qariyb 5 metr balandlikdan yiqilish tufayli jarohat olgan. Dastlabki ko‘rikda urilishlardan tashqari ko‘zga ko‘rinarli jiddiy shikastlar aniqlanmadi.

«Bu hodisa ayig‘imiz Zuzu insonlarga nisbatan darg‘azab bo‘lmagan, vazmin yirtqich ekanligini yaqqol namoyon etdi. Xodimlarimizning tutqindagi yirtqich bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lganliklari, ularning ayiqqa bo‘lgan mehribon va ehtiyotkorona munosabati natijasini alohida ta’kidlab o‘tishni ham istardik. Ayiq bilan ishlashda xodimlarimiz qo‘pollikka yo‘l qo‘yishmaydi, doim mazali yeguliklar bilan siylashga harakat qilishadi va uning hatti-harakatlarini osongina boshqara olishadi, hatto bugungidek favqulodda hollarda ham», — deya ta’kidladi hayvonot bog‘i ma’muriyati.

Zuzu 2017 yilda Toshkent hayvonot bog‘iga Baku hayvonot bog‘idan olib kelingan va shu zahotiyoq o‘zining ochiqligi, o‘yinqaroqligi va odamlarni yaxshi ko‘rishi kabi jihatlari tufayli butun jamoa mehrini qozongan, deyiladi xabarda.

Ayni damda huquqni muhofaza qilish organlari ushbu voqea sabablarini o‘rganishmoqda. Bola shifokorlar nazorati ostida.

Toshkent hayvonot bog‘i qizaloqqa tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha harajatlarni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.

Voqeadan so‘ng, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi.