Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi ishtirokiga munosabatini aniqlash maqsadida U-Report bilan hamkorlikda 7 dan 35 gacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Unda 18200 dan ortiq U-Report foydalanuvchilari ishtirok etgan.

Natijalar bo‘yicha respodentlarning:

  • 51 foizi korrupsiyaning mohiyatini to‘g‘ri tushunadi;
  • 81 foizi korrupsion holatlar haqida xabar berishga tayyor;
  • 46 foizi atrofdagilar pora olish/berishiga salbiy munosabatda.

So‘rovgda 6% respondentlar korrupsion jinoyatlar haqida xabar berishga qo‘rqishini aytishgan. 81 foizi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga yoshlarni jalb etishni korrupsiya darajasini pasaytirishga yordam beradi, deb hisoblaydi.

Ushbu so‘rov yana bir muhim masalaga aniqlik kiritib bergan, ya’ni bugungi kunda respondentlarning 56 foizi korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etayotganini his qilmoqda.

Respondentlarni pora berishdan to‘xtatadigan 4 ta asosiy sabab:

  • E’tiqodga zid kelishi — 26 foiz;
  • Noqonuniylik — 25 foiz;
  • Qadriyatlarga/tarbiyaga zidligi — 16 foiz;
  • Jinoiy jazodan qo‘rqishi — 9 foiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul deb hisoblanuvchi TOP-3 javoblar:

  • «Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi» (33 foiz);
  • «Men o‘zim» (27 foiz);
  • «Huquqni muhofaza qilish idoralari» (11 foiz).

Ma’lumot uchun, respondentlarning o‘rtacha yoshi 21,5 yoshni tashkil etgan. Bundan tashqari, respondentlar 7−15 yoshgacha, 16−25 yoshgacha va 26−35 yoshgacha bo‘lgan yosh guruhlariga bo‘lingan. 16−25 yoshdagi respondentlar ko‘pchilikni tashkil qilgan — 68,8%.


Diagramma: uzbekistan.ureport.in.

So‘rovda ishtirok etganlar orasida gender nisbatida ayollar respondentlarning taxminan 39 foizini, erkaklar esa 61 foizini tashkil qildi.


Diagramma: uzbekistan.ureport.in.

Respondentlarning ko‘pchiligi Navoiy (17%), Samarqand (11%) va Buxoro viloyatlariga (9%) to‘g‘ri kelgan. Eng kam ishtirokchilar Sirdaryo, Toshkent va Jizzax viloyatlaridan bo‘lgan — 3% va 4% dan to‘g‘ri kelgan.

Diagramma: uzbekistan.ureport.in.