Prezidentning 26 yanvardagi «Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [103-son] qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yilda «Sog‘lom turmush tarzi» platformasidan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish, ularning sonini yanada oshirish hamda bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Davlat budjetidan 100 milliard so‘m ajratiladi.

Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarini ehtiyojga qarab koagulometr uskunasi va zarur reaktivlar bilan ta’minlash hamda «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» xonalarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar) budjetlaridan 350 million so‘mgacha mablag‘ ajratish ko‘zda tutiladi.

Qolaversa, tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida 4 turdagi kardiologiya uskunalari mavjudligi yuzasidan xatlov o‘tkazish hamda zarur bo‘lgan jihozlarning xaridi uchun respublika budjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga markazlashgan tartibda ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 60 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ yunaltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari Turizm va sport vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda har yil yakunida zamonaviy fitnes uchun sharoitga ega ko‘chalarni barpo etish maqsadida namunali mahallalar ro‘yxatini shakllantirib boradi.

Shuningdek, har yili tuman va shaharlarda zamonaviy fitnes uchun sharoitga ega ko‘chalari mavjud bo‘lgan bittadan namunali mahallalarni tashkil qiladi.

Ma’lumot uchun, 16 yanvardan boshlab kuniga 10 ming qadam yurganlarga 3 ming so‘m berish to‘xtatildi. Buning o‘rniga 1hls.uz platformasi foydalanuvchilarini rag‘batlantirish uchun har hafta bitta 100 mln so‘m miqdorida pul mukofoti va mingta velosiped o‘ynaladi.

G‘oliblar har hafta «Sport» telekanalida jonli efirda tasodifiy tanlab olish mexanizmi orqali aniqlanadi.