24 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi Namangan IIO FMB 2-sonli IIBning sobiq profilaktika inspektoriSardorbek Otaboyevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi interaktiv xizmatlar portalida ma’lumot berildi.

Ishga oid materiallarga ko‘ra, IIBning sobiq xodimi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblanmoqda:

  • 168-modda 3-qismi «b» va «v» bandlari (firibgarlik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalanib);
  • 205-modda 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 206-modda 1- qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 208-modda (hokimiyat harakatsizligi);
  • 209-modda 2-qismi «a» bandi (mansab soxtakorligi takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan);
  • 238-modda 2-qismi (surishtiruv olib borish, dastlabki tergov yoxud ishni sudda ko‘rish chog‘ida yolg‘on ko‘rsatuvlar berish uchun guvohni yoki jabrlanuvchini yoki yolg‘on xulosa berish uchun ekspertni yoxud noto‘g‘ri tarjima qilish uchun tarjimonni pora evaziga og‘dirib olish, xuddi shuningdek ularga yoki ularning yaqin qarindoshlariga ruhiy, psixologik, jismoniy ta’sir ko‘rsatish yoki boshqacha tarzda ta’sir ko‘rsatish orqali yolg‘on ko‘rsatuv berishga majbur qilish);
  • 230/1-modda 1-qismi (dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish)).

Ish bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida Abdulaziz Abbosov ko‘rsatilgan. Sud sudya Baxtiyor Tavakkalov raisligi ostida o‘tkazilmoqda.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, sudlanuvchi jarayon OAV vakillari va blogerlar tomonidan to‘liq videotasvirga olib borilishini so‘rab, sud raisiga iltimosnoma kiritgan. Prokuror esa ish IIVga aloqadorligi, unda sohaga oid davlat sirlari ko‘rilishi mumkinligi vaji bilan ushbu iltimosnomani rad etishni so‘ragan. Sud maslahatlashuvdan so‘ng jarayonni videotasvirga olishga ruxsat bergan, faqat sudga ta’sir o‘tkazilishining oldini olish maqsadida hukm e’lon qilinmaguncha ushbu videotasvirlarni tarqatishni taqiqlagan.

Sardorbek Otaboyev majlisda unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etgan.

Sobiq profilaktika inspektori ishi

12 noyabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Namangan shahar IIO FMB 2-sonli profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev IIBdagi holatlar yuzasidan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat yo‘lladi.

Murojaatda aytilishicha, «Namangan shahar IIO FMB 2-sonli IIB rahbari mayor Aziz Sattorov qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga har kuni 5 tadan ma’muriy bayonnoma tuzish, bir yilda 2 ta ma’muriy nazorat o‘rnatish kabi talablarni reja qilib belgilab bergan». «HPB (Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi — tahr.) boshlig‘i podpolkovnik Inomov Boburga 50 AQSh dollari berilsa, reja bajarilgan deb belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, kadrlar bo‘limi boshlig‘i mayor Abdulaziz Umurzaqov doimiy ravishda noqonuniy tarzda xufyona xizmat tekshiruvlarini o‘tkazib keladi», — deyiladi murojaatda.

Videomurojaatdan to‘rt kun o‘tib Sardorbek Otaboyev boshqa fuqarolar nomiga berilgan kreditlarni o‘zlashtirishda ayblanib hibsga olindi. Namangan viloyati IIB gumonlanuvchi «mas’uliyatdan qochish» maqsadida murojaat qilganini ta’kidladi.

Bosh prokuratura Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, gumonlanuvchi turli bahonalar bilan tergovga kelishdan bosh tortib, yashiringanligi sababli, unga nisbatan sirtdan ayblov e’lon qilingani ma’lum qildi. 13 noyabr kuni sudning ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.