Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bu sohadagi islohotlarni kechiktirmaslik lozimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari maktab ta’limi tizimidagi kamchilik va muammolarni sanab o‘tdi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 1695 ta maktab mukammal ta’mirga muhtojligi, hanuzgacha 179 ta paxsadan qurilgan maktab mavjudligi, 3 mingdan ziyod maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari zarurligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari:

  • yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi o‘sishi natijasida yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj bor;
  • hozirda 2,3 mingta maktabning sport zali mavjud emas;
  • ta’lim sifati past bo‘lgan 84 ta maktabning birorta o‘quvchisi o‘tgan yili oliygohga kirmagan;
  • maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmagan;
  • milliy musiqa anjomlari atigi 615 ta maktabda mavjud.

Ta’kidlanishicha, respublika bo‘yicha 10 130 ta maktabni isloh qilish ko‘zda tutilgan.

«Ta’lim-tarbiya — bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Chunki biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «kimda-kim maktab bu faqat Xalq ta’limi vazirligining ishi, deb o‘ylasa, mutlaqo yanglishadi».

«Maktab ta’limi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident besh yillik yangi Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekiston o‘z oldiga yalpi ichki mahsulot va eksportni karra-karra oshirish, sanoatni va axborot texnologiyalarini keskin rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ulkan marralar qo‘yganini eslatib, ushbu vazifalarni maktabda zamonaviy bilimlarni egallagan, raqobatbardosh yoshlar uddalashiga ishonch bildirdi.