Ta’lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha islohotlar boshlanadi. Bu haqda prezident juma kungi videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘qitish metodikasi, darsliklar, partadan tortib, binosigacha to‘liq qayta ko‘rib chiqish kerak. Qolaversa, o‘qituvchilarga munosib sharoitlar yaratiladi, ularning bilim va malakasi, dars o‘tishiga talab ham tubdan kuchaytiriladi.

«Barcha darajadagi hokimlar bir narsani chuqur anglab yetishi kerak — bugundan „hokimlarning maktabga e’tibor qilish besh yilligi“ boshlanadi», — dedi u.

Shu tariqa, tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuzilishi rejalashtirilmoqda.

«Respublika kengashiga shaxsan o‘zim rahbarlik qilaman. Tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh bo‘ladi. Nima uchun, kengashlar qilyapmiz? Chunki bu ishlarni, albatta xalqimiz bilan, keng jamoatchilik bilan kengashib, ularning fikrlari asosida amalga oshiramiz. Har bir yangilikni o‘qituvchilar, mutaxassislar, ota-onalar bilan bamaslahat kiritamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilning o‘zida 527 ta maktabni qurish va rekonstruksiya qilishga 2,5 trillion so‘m ajratilgan va bu mablag‘ kelgusida yanada ko‘paytiriladi.

Ta’kidlanishicha, yangi qurilayotgan va ta’mirlanayotgan maktablar ham o‘quvchilar, ham pedagoglar uchun qulay va moslashuvchan bo‘lishi kerak. Ularda shuningdek, quyosh paneli va issiq suv kollektori albatta bo‘lishi shart. Bu ishlar bilan endi joylarda viloyat, shahar va tuman hokimlari shug‘ullanadi.

Bugundan boshlab Xalq ta’lim vazirligining qurilishga buyurtmachi bo‘lish vakolati tugatiladi. Mutasaddilar va viloyat hokimlariga bir oy muddatda yangi talablardan kelib chiqib, «namunaviy maktab» loyihalarini taqdimot qilish topshirildi.

«Endi yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi», — dedi davlat rahbari.

Avvalroq, ushbu videoselektor yig‘ilishida prezident maktab ta’limi tizimidagi kamchilik va muammolarni tanqid qilgani haqida yozgandik. U 1,5 mingdan ortiq maktab mukammal ta’mirga muhtojligi va hanuzgacha paxsadan qurilgan 179 ta maktab borligini aytgandi. «Maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Chunki biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz», — degandi Shavkat Mirziyoyev.